Muzrabot tumani – Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1968-yil 25-dekabrda tashkil etilgan[2]. 1994-yilgacha Gagarin tumani deb yuritilgan. Viloyat hududining eng janubiy qismini egallaydi. Shimolida viloyatning Sherobod va Qiziriq, sharqda Angor tumanlari, janubi-sharqda Termiz tumani, janubida Amudaryo orqali Afgʻoniston, gʻarbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni – 0,74 ming km² ni tashkil qiladi[3]. Tumanda 9 qishloq fuqarolar yigʻini (Beshqoʻton, Boldir, Guliston, Muzrabot, Navbahor, Obodon, Xalqobod, Shoʻrob, Qorakamar) bor. Tarkibida 10 ta shaharcha, 48 ta qishloq aholi punktlari va 37 mahalla mavjud. Bundan tashqari u yerda bitta gazeta „Muzrabot“ gazetasi faoliyat yuritadi[4]. Markazi – Xalqobod qoʻrgʻoni.

Muzrabot tumani
Музрабатский район

Muzrabot tumani Xalqobod shaharchasi
Muzrabot tumani Xalqobod shaharchasi

tuman
Tarkibida Surxondaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Xalqobod (Muzrabot tumani)
Asos solingan sanasi 1968-yil 25-dekabr
Alisher Qurbonov[1] Hokim
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (2022-yil) 147 126 kishi
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 0,74 ming km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Avtomobil raqami kodi 75
Xaritada
Muzrabot tumani xaritada
37°25′0″N 66°50′0″E / 37.41667°N 66.83333°E / 37.41667; 66.83333

Aholisi

tahrir

Tuman aholisi — 2022-yil 1-yanvar holatiga koʻra 147 126 kishi. Shundan erkaklar — 72 ming 871 kishi, ayollar esa — 74 ming 255 kishi, shahar aholisi — 54 061 kishi, qishloq aholisi esa — 93 065 kishini tashkil qilgan[5].

Etimologiyasi

tahrir

Muzrabot toponimi – muz va rabot soʻzlarining qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Muz – suvning qattiq kristall holati va u harorat 0 °C dan pasayganda hosil boʻladi. Ayrim holatlarda muz soʻzi sovuq maʼnosida ham keladi. Rabot esa dastlab islom dini tarqala boshlagan davrlarda harbiylarga moʻljallab qurilgan bino, istehkom, keyinchalik karvonsaroy (mehmonxona) maʼnosida qoʻllangan. Markaziy Osiyoda VIII — X asrlarda koʻchmanchi aholi yashaydigan hududlar bilan chegaradosh joylarda koʻplab rabotlar barpo etilgan. Oʻrta asrga oid shaharlarning savdo va hunarmandchilik doʻkonlari joylashgan qismini ham rabod (ravot) deb atashgan va bu soʻz VIII — IX asrlarda fors, tojik, oʻzbek tillariga oʻzlashgan. Shu bois, bu geografik termin Markaziy Osiyo, Eron va Afgʻoniston hududida keng tarqalgan. Rabot termini koʻplab joy nomlarini ham hosil qilgan[6].

Tabiati

tahrir

Tuman hududi asosan, tekislikdan iborat, shimolidan janubiga Amudaryoga tomon pasayib, gʻarbi Koʻhitang togʻining janubiy qismiga yondashadi. Oʻrtacha temperatura yanvarda 0° dan 2° gacha, iyulda 37°—42. Yozi uzoq, issiq va quruq. Yillik yogʻin miqdori 110-120 mm. Vegetatsiya davri 250—280 kun. Tumanda Afgʻon shamolining taʼsiri kuchli. Muzrabot tumani hududidan Qorasuv daryosi, Muzrabotsoy va Zang kanali oqib oʻtadi. Tuprogʻi boʻz tuproq, shoʻrxok, taqirlar ham uchraydi. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, gʻijmaloq (tuyaqorin), saksovul, qamish oʻsadi, yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, jayra, ilon, toshbaqa, Amudaryo sohillarida qobon, qoplon uchraydi.

 
Muzrabot tumani hokimlik binosi

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojik, rus, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 133 kishi (2002).

Ijtmoiy sohaning asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Paxta tozalash va asfalt, yogʻ-moy zavodlari, 1 qoʻshma korxona, 8 paxta tayyorlash punkti, maishiy xizmat koʻrsatish, don mahsulotlari kombinatlari va boshqa korxonalar bor. Qishloq xoʻjaligi asosan, paxta yetishtirish va dehqonchilikka ixtisoslashgan. Sugʻoriladigan yerlar 36066 ga, shu jumladan, 15505 ga yerga paxta, 13298 ga yerga gʻalla, 473,5 ga yerga beda, 206,5 ga yerga kartoshka, 745 ga yerga yem-xashak ekinlari, 571 ga yerga sabzavot va poliz ekinlari ekiladi, 18 ga yer bogʻlardan iborat. Tumanda 9 shirkat xoʻjaligi, chorvachilik majmuoti, 562 fermer xoʻjaligi, 6 fermer xoʻjaliklar uyushmasi mavjud. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 27,4 ming qoramol, 34,6 ming qoʻy va echki, 60,5 ming parranda bor. Tumanning janubidan temir yoʻl oʻtgan. 54 umumiy taʼlim maktabi (30 mingga yaqin oʻquvchi), 4 kollej va litsey, 25 kutubxona, 29 klub va madaniyat uylari ishlab turibdi. 3 kasalxona, poliklinika, 12 dorixona Muzrabot tumanidagi un kombinati va boshqa tibbiy muassasalarida 124 vrach va 745 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. 1969-yildan „Mehnat zafari“ tuman gazetasi chiqariladi (adadi 2000). Tuman hududida jez davriga oid Sopollitepa, Kampirtepa (miloddan avvalgi 3— milodiy 3-asr), Qorakamar gʻorlar majmuoti (1-asr), Buzrukota meʼmoriy majmuasi (15-asr) va boshqa qadimiy yodgorliklar bor[7].

Manbalar

tahrir
  1. „Muzrabot tumaniga yangi hokim tayinlandi“. kun.uz (2024-yil 25-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 25-sentyabr.
  2. „2018-yilda Surxondaryo viloyatida Muzrabot tumanining 50 yilligi nishonlanadi“. daryo.uz. Qaraldi: 3-yanvar 2024-yil.
  3. „Muzrabot tumanida erkaklar ko'pmi yoki ayollar?“. surxonstat.uz. 2024-yil 2-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2-yanvar 2024-yil.
  4. „So'ngi yangiliklar“. muzrabotgazetasi.info. 2024-yil 2-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 3-yanvar 2024-yil.
  5. „Muzrabot tumani doimiy aholi soni“. surxonstat.uz. 2024-yil 2-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2-yanvar 2024-yil.
  6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti. O‘ZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUG‘ATI. Toshkent: Toshkent — 263-264-bet. ISBN 978-9943-7673-7-9. 
  7. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil