Qoyatosh rasmlari
Qoyatosh rasmlari - gʻorlar (devor va shiplari), qoyatoshlar va alohida toshlarga ishlangan qad. tasvirlar. Rasmlar ishlanish xususiyatlariga koʻra 2 guruhga boʻlinadi: tosh, temir, poʻlat yoki boshqa qattiq buyum bilan urib choʻkichlash, chizish, tirnash, ishqalash yoʻli bilan yaratilgan rasmlar (ular fanda petrogliflar deb ataladi) hamda tabiiy boʻyoq — oxra va boshqa bilan chizib ishlangan oq, qora, sariq, koʻk, qizil, jigarrang rasmlar. Rangli rasmlarning ishlanish usuli u qadar murakkab emas; lekin petrog-liflarning ishlanishi ancha murakkab. Qoyatosh rasmlari ishlanish uslubiga koʻra xilma-xildir: soya, oddiy chiziqlar, tarhli, naqshdor bezakli va boshqa uslub xususiyatlariga ega. Qoyatosh rasmlari dunyoning barcha joylarida maʼlum boʻlib, paleolitdan to oʻrta asrlargacha boʻlgan davrda yaratilgan. Afrika (Sahroi Kabir va jan. togʻlarda), Amerika (Alyaska, And va boshqa togʻlar), Yevropa va Avstraliyaning togʻliq hududlarida koʻp uchraydi; Rossiya (Amur, Lena, Yenisey, Ob, Irtish, Baykal koʻli sohillari), Qozogʻiston, Oʻrta Osiyo (Qoratogʻ, Boʻkantogʻ, Tomditogʻ, Tyanshan. Pomir, Nurota va boshqalar)dan topilgan petroglif Qoyatosh rasmlari diqqatga sazovor. Fransiya, ispaniya, Italiya, Hindiston, Rossiya (Lena, Amur, Baykal koʻli sohillari, Ural, Dogʻiston), Oʻzbekiston (mas, Zarautsoy rasmlari, Sangijumon, Oqsoqolotasoy rasmlari)da rangli Qoyatosh rasmlari topib oʻrgaiilgan. Qoyatosh rasmlari avvalo sanʼat obidasi sifatida sanʼat tari-xini oʻrganishda, arxeologik va tarixiy manba sifatida ibtidoiy va qad. qabilalarning ijtimoiy hayoti va ruhiy olamini oʻrganishda katta ahamiyatga ega. Yana q. Sarmishsoy rasmlari, Suratlisoy rasmlari, Takatosh rasmlari, Xoʻjakent rasmlari.
Adabiyot
tahrir- Kabirov J., Sarmishsoyning qoyatosh rasmlari. T., 1976; Xoʻjanazarov M., Naskalnshe izobrajeniya Xodjakentai Karakiyasaya, Samarqand, 1995.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |