Umarxon

Qoʻqon xoni (1810–1822)

Umarxon, Amir Umarxon, Amiriy (1787-yil — Qoʻqon — 1822-yil) — Qoʻqon xoni (1810—1822), oʻzbeklarning Ming sulolasiga mansub, zullisonayn shoir. Norboʻtabiyning oʻgʻli. Oʻzbeklarning ming urugʻidan. Boshlangʻich savodini oilada chiqarib, keyin madrasada tahsil olgan. Yoshligidan saroy xizmatiga jalb qilingan: akasi — Qoʻqon xoni Olimxonning davlatni boshqarish ishlarida faol ishtirok etgan. Olimxon 1807—1808-yillarda unga Fargʻona hokimligini topshirgan. Shu yillarda u Andijon hokimi Rahmonqulibiyning qizi Mohlaroyim (Nodira)ga uylangan. Umarxon vafotidan soʻng taxtga oʻgʻli Muhammad Ali-xon chiqdi.[1]

Muhammad Said Umarbek
Qoʻqon xonligi xoni
Hukmronligining boshlanishi: 1809
Hukmronligining tugashi: 1822
Koronatsiya:1809-yil Qoʻqon
Oʻtmishdosh: Olimxon (1798—1809)
Voris:Muhammad Alixon
(1822—1841)
Tugʻilgan sanasi: 1787-yil
Tugʻilgan joyi:Qoʻqon xonligi
Qoʻqon xonligi
Vafot sanasi:1822-yil
Vafot joyi:Qoʻqon xonligi
Qoʻqon xonligi
Turmush oʻrtogʻi:Nodira (1792—1842)
Farzandlari:1.Muhammad Alixon

2. Abdulloh Sulton (1809—1823) 3. Sulton Mahmudxon (1818—1842)

4. Moxlar Oyim
Otasi:Norbo`tabiy
Onasi:Faxriniso oyim

Taxtga oʻtirishi

tahrir

Hokim tabaqalar Olimxonning Toshkentda koʻtarilgan gʻalayonni bostirish uchun qoʻshin tortganligidan foydalanib, fitna uyushtiradilar va 1810-yil Umarxonni xon qilib taxtga koʻtaradilar, Olimxon esa oʻldiriladi. Umarxon Qoʻqon xonligi hududini kengaytirish, hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib boradi. Buxoro amiriga qarashli Turkiston shahar (1815), Oʻratepani (1817) bosib olgan. Sirdaryo boʻyidagi yerlarda Yangiqoʻrgʻon, Julek, Qamishqoʻrgʻon, Oqmachit, Qoʻshqoʻrgʻon nomli harbiy istehkomlar qurdirgan. Ular Oʻrta Osiyoni Rossiya bilan bogʻlaydigan muhim savdo yoʻlida joylashgan edi[2]. U Rossiya, Buxoro amirligi, Xiva xonligi va Usmonlilar imperiyasi bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatishga harakat qilgan. Umarxon Buxoro amirligi bilan Jizzax, Zomin va Ura-tubeni egallash uchun urushlar olib borgan. Umarxon davrida Qoʻqon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Avliyootada masjid va madrasalar qurilib, qabristonlar tartibga keltirilgan. Shahrixon shaharchasi barpo etilgan, yangi qishloqlar vujudga kelgan. Xon amaldorlarining talonchilik siyosatiga qarshi Chimkent va Sayramda koʻtarilgan qoʻzgʻolon bostirilgan. XX asrning birinchi yarmida Qoʻqonda oʻziga xos ilmiy-madaniy muhit vujudga kelgan — uning boshida turgan maʼrifatparvar hukmdor Umarxon ilm, madaniyat, sanʼat, adabiyot, turli kasb-hunarlarning rivojiga katta eʼtibor bergan, madrasalarda oʻqish-oʻqitish ishlarini yaxshilagan, turli hunar maktablari ochilishini qoʻllab-quvvatlagan. Davlat ishlarining tartibga solinishi, mamlakat iqtisodiyotining, hunarmandchilik va savdoning maʼlum darajada yuksalishi Qoʻqon xonligi hayotiga qulay taʼsir koʻrsatgan.

Umarxon Amiriy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. 1821-yilda Fazliy Namangoniy Umarxon amriga binoan, 63 shoirning sheʼrini oʻz ichiga olgan „Majmuai shoiron“ toʻplamini tuzgan. Uni ulugʻlab qasidalar yozish, gʻazallariga tatabbuʼlar bogʻlash bu shoirlar ijodida yetakchi oʻrin tutgan.

Umarxon Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedilni oʻziga ustoz sanab, ulardan ijod sirlarini oʻrgangan, ularga ergashib ijod qilgan, gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan. Aruzning turkiy adabiyotda mashhur, xalq ijodida ham keng tarqalgan yengil va oʻynoqi vaznlaridagina yozilgan bu sheʼrlarning barchasi ishq-u muhabbat mavzuida. Ularda anʼanaviy motivlar va tasavvufiy ruh ustun. Oʻzbek va fors-tojik tilidagi sheʼrlarini toʻplab, devon tartib bergan. Devon gʻazal, muxammas, musaddas, tuyuq janrlaridagi 10 ming misradan ortiq sheʼrni oʻz ichiga olgan. Saroy hayotida Umarxonning rafiqasi Moxlaroyim (Nodira) (1792—1842) muhim oʻrin egallagan. Moxlaroyim ilm-fan, adabiyot va sanʼat homiysi sifatida xonlikning madaniy hayotida faol ishtirok etgan[2]. Umarxon „Devon“ida Navoiy anʼanalarini davom ettirgan, sheʼriyatning 12 janrida qalam tebratgan. Umarxon Gʻazallarida dunyoviy ishq tavsifi bilan bir qatorda soʻfiyona talqindagi gʻoyalar ham mavjud. „Devon“ning qoʻlyozma va bosma nashrlari OʻR FA ShIda 3642, 4419, 90, 9993, 5065, 7489 II, 9917, 6745 I, 6672, 1880, 177, 98 III, 9765, 44, 4727 va Adabiyot muzeyida 99, 153 raqamlari ostida saqlanadi.

Uning 10 ming misradan ortiq sheʼrlar to‘plami bizgacha yetib kelgan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Amiriy sheʼriy devonining o‘n yetti qo‘lyozma nusxasi, 544ta sheʼr, 465ta g‘azal, 53ta muxammas (besh yarim misradan iborat sheʼriy bayt), 5ta musamman (sakkiz yarim misradan iborat sheʼriy bayt), 6ta mussada (olti yarim misradan iborat sheʼriy bayt), 16ta tuyuq (soʻz oʻyini asosida yozilgan) mavjud. Amiriyning o‘zbek tilida yozilgan 307 misra, fors tilida esa 159 bayti mavjud.

Oʻzbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyining matnshunoslik va yozma yodgorliklarni nashr etish boʻlimining ilmiy xodimlari tomonidan Umarxonning turli davrlarda koʻchirilgan 26 ta qoʻlyozma devoni hisobga olinib, ularning ilmiy tavsifi berilgan. Bu qoʻlyozmalar Sankt-Peterburg, Toshkent, Samarqand va Buxoro kutubxonalarida saqlanadi. Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida Umarxonning 17 ta qoʻlyozma devoni mavjud. Bundan tashqari, litografik usulda chop etilgan devonlari va shoir sheʼrlaridan namunalar berilgan bayozlar bor.

Madaniy siyosati

tahrir

Umarxon Qo‘qonda ilm-fan va adabiyotning gullab-yashnashi uchun sharoit yaratgan[3]. Umarxon davrida Qoʻqon, Toshkent, Turkiston, Chimkent, Sayram, Taraz kabi shaharlarda masjid va madrasalar qurilgan. Yangi Shahrixon shahriga asos solindi.

Uning hukmronligi davrida Qo‘qonda o‘ziga xos adabiyot markazi vujudga kelgan. Manbalarda keltirilishicha, shaharda 70 dan ortiq shoir ijod qilgan. Xon saroyida eng yaxshi shoirlar, rassomlar va xattotlar to‘plangan.

O‘sha olis yillarda Amiriy yaratgan qudratli adabiy oqim Farg‘ona vodiysida Muqimiy, Furqat, Muxiy, Oraziy, Tajalli va boshqalar kabi taniqli pedagoglar, demokrat shoirlarning paydo bo‘lishiga imkon yaratgan. Maʼrifatparvarlik, madaniyat, insonparvarlik — shoir Amiriyning bu qarashlari keyinchalik mintaqa madaniyati taraqqiyotining kuchli, yangi to‘lqiniga aylangan.

Shoir ijodiga nazar

tahrir

Oʻzbek adabiyotshunosligida Amir Umarxon ijodi Fitrat, Vadud Mahmud, P. Qayumiy, A. Qayumov, M. Qodirova, A. Madaminov, H. Boltaboev tomonidan oʻrganilgan, asarlari eʼlon etilgan. OʻzME da tadqiqotchilar Z.Qobilova, M.Yuldasheva shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

Adabiyotlar

tahrir
  • Qayumov A. „Qoʻqon adabiy muhiti“ T., 1961; Ibrat „Fargʻona tarixi“ T., 1991;
  • Mulla Olim Mahmud Hoji „Tarixi Turkiston“ Qarshi 1992;
  • Qayumov A. „Tazkirai Qayumiy“1jild T., 1998; Homidiy H., „Koʻhna Sharq dargʻalari“ T., 1999; Bobobekov H." Qoʻqon tarixi" T., 1996;
  • Dilshod Barno „Tarixi muhojiron“ T., 1994; Nodira Komila, Devon, 2001.
  • H.Boltaboev." Amir Umarxonning maktubi". „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1997. 11- oktabr;
  • Poʻlatxon Qayumiy. „Tazkirai Qayumiy“. -T.: 2000.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Amiriy. Devon. (Nashrga tayyorlovchi M.Qodirova). T.: Fan, 1972.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 Istoriya Uzbekistana. T.3. Tashkent, 1993, s.207
  3. Istoriya Sredney Azii. Moskva: Yevrolins. Russkaya panorama, 2003, s.330