Abdulloh ibn Masʼud

Abdulloh ibn Masʼud Kufa tafsir va fiqh maktablarining asoschisi

Abdulloh ibn Masʼud (arabcha: عبد الله بن مسعود) — Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Mas’ud ibn Gʻofil ibn Habib al-Huzaliy ? — 32/652—53, Madina) — Kufa tafsir va fiqh maktablarining asoschisi.

Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Mas’ud ibn Gʻofil ibn Habib al-Huzaliy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti 652-53-yillar (hijriy 32-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi

Kufa tafsir va fiqh

maktablarining asoschisi

Hayoti

tahrir

Abdulloh ibn Mas’ud ilk musulmonlardan va asharai mubashsharadan biridir.

Manbalarda Abdulloh ibn Masʼudning oilasi va Islomdan avvalgi hayoti haqida maʼlumotlar ko‘p emas. Otasi Abdulloh ibn Horis ibn Zuhraning tutingan birodari (halifi) edi. Shu sababli Abdulloh ibn Masʼud ham Bani Zuhraning halifi bo‘lib tanilgan. Faqir oilada tug‘ilgan Abdulloh ibn Masʼud Islomni qabul qilishidan oldin, bolaligida Uqba ibn Abu Mu’aytning podalariga cho‘ponlik qilgan. Xadicha va Alilardan keyin Islomni qabul qilgan uchinchi shaxs ekanligi aytilsa-da, o‘zi Islomni qabul qilgan oltinchi musulmon bo‘lganidan faxrlanishini bildirgan. Uning yangi dinga kirishi qo‘ylar podasini o‘tlatayotgan vaqtida Payg‘ambar bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan ajoyib voqea bilan bog‘liq. Abdulloh ibn Masʼud Payg‘ambar Arqamning uyida joylashishlari yoki Umardan avval musulmon bo‘lganiga doir rivoyatlar ham bor. Abdulloh ibn Masʼudning onasi Ummu Abd bint Abduvad va ukasi Uqba ham ilk musulmonlardandir. Otasi haqida ko‘p maʼlumot bo‘lmagani uchun unga "sahoba ibn sahoba", onasiga nisbat berilib esa, Ibn Ummu Abd ham deyilgan. Musulmon bo‘lganidan keyin Islom dushmanlaridan sanalgan Uqba ibn Abu Mu’ayt xizmatidan ketib, o‘zini dinga va Payg‘ambar xizmatlariga bag‘ishlaydi.

Hijrat qilishi

tahrir

Makkada boshqa musulmonlar qatori mushriklarning aziyat va iskanjasida qolgan Abdulloh ibn Masʼud qutulish maqsadida Habashistonga hijrat qiladi. U mushriklar va ularning bosimidan hayiqmasdan Payg‘ambardan so‘ng Kaʼbada oshkora Qur’on o‘qigan ilk sahoba bo‘lgan va Madinaga ilk hijrat qilgan muhojirlar orasidan ham o‘rin olgan. Madinada Rasululloh u bilan Zubayr ibn Avvom va Muoz ibn Jabal oralarida muohad tuzadilar. Manbalarda uning Payg‘ambar davridagi barcha jang­larda qatnashgani haqida maʼlumotlar keltirilgan. Badr jangidan avvalgi kechada dushman tarafdan xabar olib kelish vazifasini olgan va jangda Abu Jahlni o‘ldirgan. Payg‘ambar "ummatning fir’avni" deb sifatlaganlari Abu Jahlning o‘ldirilishidan Allohga hamd aytib, Abdulloh ibn Masʼudni maqtaganlar va Abu Jahlning qilichini unga berganlar.

Paygʻambar bilan munosabati

tahrir

Abdulloh ibn Masʼudga onasi bilan yashashlari uchun Madinada Masjid an-Nabaviyning or­qa tomonidan uy ajratilgan. Uning o‘ziga Rasulullohning uylariga bemalol kirib-chiqishi uchun ruxsat berilgan. Hatto, bunday yaqin munosabat sababli begonalar ularni Payg‘ambar oilasidan deb hisoblardi. O‘zini Rasulullohning xizmatlariga bag‘ishlagan Abdulloh ibn Masʼud, Payg‘ambarning oyoq kiyimlarini to‘g‘rilar, yo‘lda oldilarida yurar, yuvinayotganlarida parda tutar va uyqudaliklarida ibodat uchun uyg‘otar, o‘tirganlarida oyoq ki­yimlarini yechib qo‘yar edi. Ovozi yoqimli bo‘lib, Qur’onni juda go‘zal o‘qir edi. Abdulloh ibn Masʼud sahobalar orasida axloq va yashash tarzida Rasulullohga eng ko‘p o‘xshagan kishi sifatida eʼtirof etiladi. Payg‘ambarning hayot tarzlari, qiyofalari, axloq va munosabatlarini o‘rnak qilishda g‘ayrat ko‘rsatgan. Bir tomondan Payg‘ambarning xizmatlarida bo‘lsa, boshqa tomondan yangi musulmon bo‘lganlarga Islomni o‘rgatar edi. Abdulloh ibn Masʼud Uhud jangida Payg‘ambarning yonlaridan ayrilmagan bir qancha kishidan biri bo‘lgan. Payg‘ambarning vafotlaridan keyingi Ridda voqealarida Madina shahrining himoyasi va mudofaasi uchun xalifa Abu Bakr tarafidan tayinlanganlar orasidan Abdulloh ibn Masʼud ham joy olgan.

Faoliyati

tahrir

Abdulloh ibn Masʼud Umar tarafidan Kufa qoziligi va baytulmol idorasi bilan shug‘ullanishga tayinlanadi. Keyinchalik Shurayhning qozi etib tayinlanishi, uning faqat baytulmol idorasidagi vazifasida qoldiradi. Umar vafotidan so‘ng Madinaga qaytadi va bir muddat u yerda qoladi. Usmon xalifa bo‘lgach, u tomonidan Kufadagi vazifasiga qayta tayinlanadi. Shundan kelib chiqib, A. Yan Vensink (A. J. Wensinck)ning Abdulloh ibn Masʼud idoraviy ishlarni tushunmagan degan iddaosi (İA. V, 772) hech qanday asosga ega emasligini aytish mumkin. Abdulloh ibn Masʼudning qobiliyati haqida Rasulullohning aytgan so‘zlari yetarli dalil bo‘la oladi: „Agar ularga maslahatlashmasdan bir amir (yo‘lboshchi) tayin etganimda edi, Ibn Ummu Abdni tayinlar edim“[1]. Umar shomliklarga ko‘plab hadya berish bilan ularni o‘zlaridan ustun ko‘rayotganini aytgan kufaliklarga Abdulloh ibn Masʼudni Kufaga rahbar etib tayinlashi[2] ham xalifa naz­dida, uning rahbar sifatidagi mavqyeini ko‘rsatadi. Umarning Kufadagi voliysi bo‘lgan Ammor ibn Yosir va Usmon davrida o‘sha yerda voliylik qilgan Saʼd ibn Abu Vaqqos kabi buyuk sahobalar bilan Abdulloh ibn Masʼudning baʼzi mavzularda qarashlari boshqa-boshqaligi, nomlari zikr qi­lingan voliylar vazifadan olinganidan so‘ng Abdulloh ibn Masʼud uzoq muddat mazkur lavozimda qolishi, Vensinkning iddaosi asossiz ekaniga yana boshqa bir dalildir.

Vafoti

tahrir

Kufada rasmiy vazifasi bilan birga ilmiy faoliyati va yetishtirgan talabalari vositasida Kufa tafsir va fiqh maktablarining asoschisi deb topilgan Abdulloh ibn Masʼud, keyinchalik Usmon tomonidan Madinaga chaqiriladi. Xalifaning Abu Zarrni Rabazada yashash uchun majburlab jo‘natgani va rasmiy Mushafga zid kelishi mumkinligi tashvishida baʼzi shaxslarning qo‘lida saqlanayotgan mushaflarni yoqish haqidagi buyrug‘i kabilar Abdulloh ibn Masʼudning Usmondan ranjishiga sabab bo‘ladi. Kufaliklar uni himoya qilishlarini vaʼda beradilar. Abdulloh ibn Masʼud ulardan ayrilishni istamasa-da, fitnalar tug‘ilishiga sabab­chi bo‘lib qolishni xohlamasligini aytib, Usmon amriga bo‘ysunadi va Madinaga qaytadi. Abdulloh ibn Masʼud Madinada bir qancha vaqt qolganidan so‘ng xastalanib, oltmish yoshida vafot etadi. Janoza namozi Usmon yoki Ammor tomonidan o‘qiladi va jasadi Baqi’ qabristoniga dafn etiladi.

Sifatlari

tahrir

Manbalarda keltirilishicha, Abdulloh ibn Masʼud past bo‘yli, zaif, bug‘doyrang va nihoyatda kamtar kishi bo‘lgan. Sochlarini o‘stirib, toza va chiroyli kiyinishni xush ko‘rardi. Surtgan xushbo‘y atirlari kechaning qorong‘isida ham uni tanitar edi. Rayta va Zaynab ismli ikki xotini, Abdurrahmon, Utba va Abu Ubayda ismli uch o‘g‘li bo‘lgan. Hali farzand ko‘rmasdanoq Rasululloh unga Abu Abdurrahmon kunyasini bergan edilar. Shu bois o‘g‘il farzand ko‘rganida ismini Abdurrahmon deb qo‘yadi. Abdulloh ibn Masʼudning xizmatlari va ulug‘ligi uning siyosiy va rahbarlik faoliyatidan ko‘ra, islomiy ilmlarning shakllanishidagi peshqadamligida ko‘proq namoyon bo‘lgan.

Hadislari

tahrir

Abdulloh ibn Masʼud ilk davrlardanoq Islomni qabul qilgani, Payg‘ambar bilan yaqin munosabatlari sababli Ul Zotdan juda ko‘p hadis eshitgan va rivoyat qilgan. Bundan tashqari, Umar, Usmon, Ali va boshqa sahobalar orqali rivoyat qilgan hadislari ham bor. Undan Abu Muso al-Ash’ariy, Ibn Abbos, Imron ibn al-Husoyn, Jobir ibn Abdulloh, Anas ibn Molik kabi ko‘plab sahobalar, Alqama ibn Qays, Masruq, Asvad ibn Yazid, Abiyda as-Salmoniy, Amr ibn Shurahbil, Horis ibn Qays va boshqa ulug‘ tobeʼinlar hadis rivoyat qilganlar. U tomondan rivoyat qilingan 848 ta hadisning aksariyatini shaxsan Rasulullohdan rivoyat qilgan. Mazkur hadislarning aksariyati Ahmad ibn Hanbalning "Musnad" va Imom at-Termiziyning "Sunan"laridan joy olgan. Imom al-Buxoriy va Imom Muslim Abdulloh ibn Masʼudning oltmish to‘rtta hadisini bilittifoq "Sahӣh"lariga kiritganlar. Bundan tashqari, Imom al-Buxoriy 21 ta, Imom Muslim esa 35 ta hadisni mustaqil ravishda o‘z asarlariga kiritganlar. Shunga muvofiq, Imom al-Buxoriy Abdulloh ibn Masʼuddan rivoyat qilingan hadislarning 85 tasini, Imom Muslim 99 tasini o‘z "Sahӣh"larida zikr qilganlari maʼlum bo‘ladi. Ilk davrlarda hadislarning yozilishiga qarshi bo‘lgan Abdulloh ibn Masʼud hadis rivoyatiga o‘ta diqqat bilan yondashganligi maʼlum.

Faoliyati

tahrir

Abdulloh ibn Masʼud Iroq tafsir maktabining asosini tashkil etib, Qur’on ilmlarining shakllanishida ham muhim xizmatlar ko‘rsatgan. Iroq maktabi fiqhda bo‘lgani kabi tafsirda ham rayga ahamiyat bergan va bu ilmlarni keyingi avlodlarga yetkazishga xizmat qilgan ko‘plab nufuzli olimlarni yetishtirgan. Abdulloh ibn Masʼudning ilmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Payg‘ambarga asos­lanadi. Rasululloh yoqimli ovoz sohibi bo‘lgan Abdulloh ibn Masʼudning Qur’on tilovatini zavq bilan tinglardilar. U sahobalar orasidagi Qur’on hofizlarining peshqadamlaridan biri bo‘lgan. O‘zidan rivoyat qilingan xabarga ko‘ra, yetmishdan ortiq surani Payg‘ambarning shaxsan o‘zlaridan taʼlim olgan[3]. Abdulloh ibn Masʼudning o‘zi to‘plagan va unga nisbat berilgan Mushaf nusxasi mavjud. Mazkur nusxaning xalifa Abu Bakr tomonidan tartib berilib, Usmon tomonidan ko‘paytirilgan rasmiy Mushafdan farqi — suralarning tartibi, baʼzi kalimalarning imlosi va baʼzi o‘rinlarda tafsir qabilidagi ilovalarning uchrashi kabi xususiyatlardir. Abdulloh ibn Masʼudga oid nusxada uchraydigan izoh sifatida keltirilgan ilovalar va farqli qiroat shakllari uning keyingi hayotiy g‘oyasiga taʼsir o‘tkazganidan tashqari, Qur’on hukmlarini o‘rganish va o‘rgatishda foydali bo‘ldi. Abdulloh ibn Masʼud mutashobih oyatlarni taʼvil etishda manba sifatida Qur’oni karim va Payg‘ambar sunnatlariga suyangan. Bundan tashqari, baʼzi mavzularda o‘zining shaxsiy qarashlariga muvofiq ijtihod qilgan.

Abdulloh ibn Masʼud va baʼzi boshqa sahobalar Pay­g‘ambardan eshitgan tafsir shak­lidagi izohlarni o‘zlarining sahifalariga qayd etganlarini bayon qilganlar. Bu tur ilovalarning Payg‘ambardan eshitilgan tafsir ilmiga doir maʼlumotlar ekani va ularning oyatlar maʼnosini tushunishni osonlashtirishdan boshqa maqsadi bo‘lmagani maʼlum.

Sharqshunoslar tomonidan Abdulloh ibn Masʼudning Mushaf nusxalarini ko‘paytirish maqsadida tuzilgan kotiblar hay’atiga Usmon va Zayd ibn Sobitga qarshi eʼtiroz bildirgani to‘g‘risidagi baʼzi rivoyatlar aytilgan. Holbuki, Abdulloh ibn Masʼudning bunday munosabati sahobalarning ulug‘lari tomonidan maʼqullanmagan va keyinchalik uning o‘zi ham pushaymon bo‘lganligi maʼlum. Aslida Abu Bakr Zayd ibn Sobitga Qur’onni jamlash vazifasini topshirganida ham, Usmon Mushafni ko‘paytirish uchun hay’at tuzganida ham Abdulloh ibn Masʼud eʼtiroz bildirmagan. Biroq Abu Bakr shaxsiy nusxalarga aralashmagan bo‘lsa-da, Usmonning zarurat yuzasidan bu nusxalarni yo‘q qilishga buyruq berishi Abdulloh ibn Masʼudning eʼtiroziga, bunday mas’uliyatli vazifaga Zayd ibn Sobit tayinlanib, Abdulloh ibn Masʼudning jalb qilinmagani uning ranjishiga sabab bo‘lgan.

Abu Bakr al-Anbariy Abdulloh ibn Masʼudning musulmonlikni avvalroq qabul qilganiga qaramay, har ikki xalifa tomonidan Zayd ibn Sobitning bu vazifaga munosib ko‘rilishini uning Qur’onni ko‘proq hifz etgan shaxs bo‘lgani bilan bog‘laydi. Shuningdek, Zaydning yozuvi ham chiroyli bo‘lgan. Abdulloh ibn Masʼudga bu vazifa topshirilmaganining boshqa bir sababi, uning Kufadagi xizmati va ilmiy faoliyatining uzluksizligini taʼminlash edi. Abdulloh ibn Masʼudning Zaydga nisbatan munosabati samimiy xizmat tushunchasiga asoslanganligi bilan ham tushuniladi. Binobarin, Umardan Payg‘ambarning shunday deganlari naql qilinadi: „Qur’onni shu to‘rt kishidan o‘rganingiz: Ibn Ummu Abd, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Kaʼb va Solim“[4]. Rasulullohning u haqidagi minnatdorlik so‘zlarini ham unutmaslik kerak: „Qur’onni nozil bo‘lgan kuni hayajonini his qilib o‘qishni istagan kimsa, uni Ibn Ummu Abdning qiroati bilan o‘qisin“. Binobarin, Abdulloh ibn Masʼud kabi peshvoning bunday muhim bir vazifada ishtirok etmagani, uning ustiga qo‘lyozma nusxalarning yo‘q qilinishi o‘z-o‘zidan uning munosabatiga sabab bo‘lganini eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak.

Shia mazhabi

tahrir

J. C. Vadetning Abdulloh ibn Masʼud tafsirlarida shia mazhabining qarashlari borligini aytib uni shia mazhabi tarafdori sifatida ko‘rsatishi ilmiy va ob’yektiv dalillarga asoslanmagandir. Abdulloh ibn Masʼudning Ahli baytga bo‘lgan hurmati va yuqorida keltirilgan baʼzi sabab­lar tufayli Usmon bilan oralarida tug‘ilgan ziddiyatni bahona qilib, uning shia bo‘lganligini daʼvo qilishi tarixiy faktlarga mos emas. Bundan tashqari, Abdulloh ibn Masʼud o‘lim to‘shagida yotganida ziyoratiga Usmonning kelishi, unga vasiyati va orzularini aytgani va vafotidan so‘ng janoza namozini Usmon o‘qigani haqidagi rivoyatlar ular orasidagi ziddiyat u qadar jiddiy bo‘lmaganini ang­latadi. Bu mavzuda Usmonga qarshi munosabatda bo‘lgan shia­larning u tomonidan ko‘paytirilgan Mushaf nusxasidan boshqa bir nusxaga bo‘lgan xohishi, Abdulloh ibn Masʼudga oid nusxaga qiziqishlariga va bu bilan unga shialikning nisbat berilishiga yo‘l ochgan. Shu bois, bir guruh shialar 398/1007-1008-yillar Bag‘dodda Abdulloh ibn Masʼudga nisbat berilgan bir nusxani muomalaga kiritadilar. Biroq baʼzi ortiqcha maʼlumot va nuqsonlarga ega bu nusxa, zamonaning yetuk shofeʼiy olimi Qozi Abu Hamid al-Isfaroiyniy fatvosiga ko‘ra yoqib yuborilgan. Holbuki, Usmon tarafidan ko‘paytirilgan rasmiy nusxa sahobalarning ijmosi bilan qabul qilingan. Bir guruh shialar Usmonni Aliga oid baʼzi masalalarga nisbatan beparvolikda ayb­lab, uning Mushafni almashtirganini daʼvo qilsalar-da, hatto mazkur mavzuda asar va tafsir yozgan shia olimlari ham bu yolg‘on daʼvoni qabul qilmaganlar. Asosiysi shuki, Alining Usmon davrida ham, o‘z xalifaligi davrida ham rasmiy Mushaf masalasida u bilan qarama-qarshi fikrlari bo‘lmagan.

Shogirdlari

tahrir

Abdulloh ibn Masʼudning tafsir va qiroat ilmida yetishtirgan eng mashhur shogirdlari Hasan al-Basriy, Qatoda, Abu Abdurrahmon as-Sulamiy va Abu Amr ash-Shayboniylardir.

Fiqh ilmi

tahrir

Abdulloh ibn Masʼud hadis va Qur’on ilmlarida bo‘lgani kabi fiqh ilmida ham muhim mavqega ega shaxsdir. Uning quyidagi so‘zlari Qur’oni karim va undan chiqariladigan hukmlar mavzusidagi bilimini ifoda qilish jihatidan diqqatga sazovor: „Qasam ichamanki, Allohning kitobida qayerda nozil bo‘lganini men bilmaydigan bir sura va kim haqida nozil bo‘lganini bilmaydigan bitta ham oyat yo‘q. Shu bilan birga, Allohning kitobini mendan ko‘ra yaxshi biluvchi kishi borligini bilsam, darrov huzuriga borib undan foydalanar edim“[5]. Umar xalifa bo‘lganidan so‘ng turli madaniyat, hayot va qadriyatlarga ega insonlar yashaydigan Kufa shahrida sud, taʼlim va tarbiya ishlarini yuritish uchun u yergaAbdulloh ibn Masʼudni voliy etib tayinlaydi. Shu tariqa u Kufada uzoq muddat qolib, ilmiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Abdulloh ibn Masʼud tafsir va qiroat sohasida bo‘lgani kabi, fiqhda ham Kufa maktabining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Manbalardagi maʼlumotlarga ko‘ra, Abdulloh ibn Masʼuddan boshqa fikr va fatvolari shogirdlari tomonidan qayd qilingan biror-bir sahoba yo‘q. O‘zini tamoman ilmiy faoliyatga bag‘ishlagani tufayli yetishtirgan shogirdlari sonining ko‘pligi va sifatining yaxshiligi bilan Abdulloh ibn Masʼud boshqalardan ustun turadi. Buning natijasi o‘laroq, Iroq viloyatida Umar va Ali boshchiligidagi baʼzi sahobalarning qarashlari barobarida, eng ko‘p Abdulloh ibn Masʼudning qarashlari yoyildi. Shu bois keyinchalik Abu Hanifa tomonidan tizimlashtirilgan bu maktabning asl asoschisi Abdulloh ibn Masʼud bo‘lgani maʼlum qilindi. Iroq fiqh maktabining eng asosiy ikki vasfini tashkil qilgan „nass topilmagan joyda raʼy va qiyosga eʼtibor qilish“ va „sahih ekanligi qatʼiy bilinmagan hadislar o‘rniga ijtihodni afzal ko‘rish“ tamo­yillarida asosan, Abdulloh ibn Masʼudning fikrlariga tayanilgan. U bu haqda: „Sizlardan biringiz hukm chiqarmoqchi bo‘lsa, avval Allohning Kitobiga, izlagan narsasini topmasa, Rasulullohning hukmlariga qarasin. Bu ikkala manbadan topmasa, solihlarning javoblariga qarab hukm chiqarsin. Agar bularning hech biridan topa olmasa, o‘zi ijtihod qilsin. Buni ham qila olmasa, hukm berishdan voz kechsin“ degan. Uning hujjat topilmagan mavzuda o‘z fikrini bildirish haqida „Agar to‘g‘ri bo‘lsa Allohdan, yanglish bo‘lsa men va shaytondandir. Alloh ham, Rasuli ham bundan uzoq“, degani ham maʼlum va mashhurdir.

Bevosita Abdulloh ibn Masʼuddan tahsil olgan va Kufa fiqh maktabining shakllanishida muhim rol o‘ynagan ilk avlodga mansub shaxslar Alqama ibn Qays, Asvad ibn Yazid, Obida as-Salmoniy, Masruq ibn Ajdaʼ, Amr ibn Shurahbil va Horis ibn Qayslardir. Bulardan Alqama ibn Qays Abu Hanifa ustozlari zanjirining birinchi halqasidan o‘rin egallagan. Uning eng peshqadam shogirdlari Ibrohim an-Naxaʼiy va ash-Shaʼbiylardir. Bularning eng tanilgan shogirdi bo‘lgan Hammod ibn Abu Sulaymon, Abu Hanifaning yonida yigirma yil davomida uni o‘ziga ustoz tutib ilm o‘rgangani haqida xabarlar mavjud.

Ilmiy vorislari

tahrir

Abdulloh ibn Masʼud ilmining vorislari sifatida Abu Hanifadan tashqari Sufyon as-Savriy, Ibn Abu Laylo va Ibn Shubruma kabi boshqa yirik shaxslarni ham zikr qilish mumkin.

Ijodiy merosi

tahrir

Abdulloh ibn Masʼudning manbalarda tarqoq holda uchraydigan fiqhiy qarashlari Muhammad Ravvos Qal’ajiy tomonidan tuzilgan asarda jamlangan. Asar "Mavsӯ’a fiqh Abdullāh bin Mas’ӯd" nomi bilan Makka shahrida Umm al-Quro universiteti nashriyoti tomonidan chop etilgan. Asarga atamalar va mavzularga ko‘ra ensiklopediya tarzida tartib berilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  1. Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. I, 254-315;
  2. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. III, 342-344; VIII, 290;
  3. Al-Buxoriy. Fazāil al-Qur’ān. 8;
  4. Ibn Qutayba. Al-Maʼārif. — Qohira: 1960. 249;
  5. Ibn Qutayba. Taʼvӣl mushkil al-Qur’ān. — Qohira: 1954. 53;
  6. Al-Balozuriy. Ansāb al-ashrāf. — Qohira: 1959. I, 104;
  7. Al-Yaʼqu­biy. Tarӣx. — Leiden: 1883. II, 138, 151, 179;
  8. At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1939. III, 353;
  9. Ibn an-Nadim. Al-Fihrist. — Qohira: 1348. 39-40;
  10. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1939. II, 308-316;
  11. Ibn al-Arabiy. Al-Avāsim min al-qavāsim. — Qohira: 1375. 71;
  12. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 384-390;
  13. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Haydarobod: 1955-58. I, 13-16;
  14. Az-Zahabiy. Maʼrifa al-qurrā. — Qohira: 1969. I, 33-35b;
  15. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 368-370; IV, 235;
  16. A. Jeffery. Materials for the History of the text of the Quran. — Leiden: 1937. 20-113;
  17. Husayn az-Zahabiy. At-Tafsӣr va-l-mufassirӯn. — Qohira: 1961-62. I, 83-88;
  18. R. Blachere. Introduction au Coran. — Paris: 1977. 63-64;
  19. Şehât Seyyid Zağlûl. „Abdullah b. Mes’üd eş-şahşiyye veʼs-sîre“. — Qohira: 1986;
  20. İsmail Cerrahoğlu. „Abdullah b. Mes‘üd“. TDV İA. — İstanbul: 1988, I, 114-117.

Manbalar

tahrir
  1. Imom at-Termiziy. „Manāqib“ — 38-bet. 
  2. I’lām al-muvaqqi’ӣn „I“, . I’lām al-muvaqqi’ӣn — 17-bet. 
  3. Al-Buxoriy. Fazāil al-Qur’ān — 8-bet. 
  4. Al-Buxoriy. „Fazāil al-Qur’ān“ — 8-bet. 
  5. Al-Buxoriy. Fazāil al-Qur’ān — 8-bet.