Hikoya – badiiy adabiyotda kichik epik janr, hayot hodisalari ixcham ifoda etiladigan nasriy asar. Jahon adabiyotida hikoya qadim anʼanalarga ega. Oʻtmishda hikoya folklor asarlari tarkibida bayon unsuri boʻlib ishtirok etgan. Mustaqil janr sifatida faqat yozma adabiyotda shakllangan. Yevropa adabiyotida hikoyachilikning rivojlanishiga italyan yozuvchisi Bokachcho „Dekameron“ asari bilan katta hissa qoʻshgan. Asarda 7 qiz va 3 yigitning 10 kun davomida aytgan 100 ta hikoyasi berilgan.Gi de Mopassan (fransuz), OʼGenri (amerikalik), A. P. Chexov (rus), A.Qodiriy, Choʻlpon (oʻzbek) hikoya janrining asoschilari hisoblanadi. Yevropa adabiyotida hikoya novella deb ham ataladi.

Oʻzbek adabiyotida hikoya juda qadimdan boshlangan. Ilk yozma adabiy yodgorliklar – Kultegin va Toʻnyuquq bitiktoshlarida bayon qilingan voqealar ishtirok etuvchilar tomonidan hikoya qilingan. Nosiriddin Rabgʻuziyning „Qisasi Rabgʻuziy“ asarida ham axloqiy xarakterdagi hikoyaning yaxshi namunalari bor. Bobomiz Alisher Navoiy „Hayrat ul-abror“ dostonining 5-maqolotidagi „Hotami Toy hikoyasi“, 20-maqolasidagi „Ul qul hikoyati“, „Sabʼai sayyor“ dostonidagi yetti musofir hikoyalari ham bu janrning ilk namunalari hisoblanadi. XVI asrda yaratilgan Poshshoxojaning „Gulzor“ va „Miftoh ul-adl“ asarlari oʻzbek hikoyachiligining rivojlanishiga asos boʻlgan.

Oʻzbek adabiyotida realistik hikoya janri XX asr boshlarida shakllandi (Choʻlpon, „Qurboni jaholat“, "Doʻxtur Muhammadyor, 1914; A.Qodiriy, „Uloqda“, 1915 va boshqalar). 1920-yillarda [[Gʻafur Gʻulom]], A.Qahhor, Oydin va boshqa bu janrda barakali ijod qildilar. 1930-yillarda A.Qahhor hikoya ustasi sifatida tanildi. 1950—1960-yillarda S.Ahmad, 1960—1970-yillarda Oʻ.Hoshimov, Sh. Xolmirzayevlar bu janr taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdilar.

„Hikoya“ atamasi kengroq maʼnoda biror voqeani gapirib berishni ham anglatadi. Soʻzlab berilgan bunday voqelik oʻz qamrovi, hajmi, rang-barangligi bilan qissa yoki romanga xos boʻlishi ham mumkin. Bunday hollarda bu atama janr maʼnosida tushunilmaydi. Masalan, Oʻ.Hoshimovning „Ikki eshik orasi“ romani 9 personajning 49 ta hikoyasidan tashkil topgan. Sh. Xolmirzayev „Olaboʻji“ asarini „romandan katta hikoya“ deb ataydi. Hozirgi oʻzbek hikoyachiligi O.Muxtor, N.Aminov, S.Siyoyev, F.Musajonov, X.Sultonov, E.Aʼzamov, N.Eshonqulov, Sh. Boʻtayev va boshqa yozuvchilar bilan boyidi.

Hikoya inson hayotida yuz bergan ixcham voqeani loʻnda ifodalashga moʻljallangan. Unda shu voqeaga qadar personaj hayotida nima boʻlgan, qanday roʻy bergan, kim bilan – bular toʻgʻrisida maʼlumot berish shart emas. Juda zarur boʻlsa, ayrim detallar orqali ishora qilinishi mumkin. Masalan, A.Qahhorning „Oʻgʻri“ hikoyasida Qobil boboning kechagi kuni haqida lom-mim deyilmaydi. Egamberdi paxtafurushdan kichkina shart evaziga ikkita hoʻkiz olgan Qobil boboning ertasi toʻgʻrisida „Bu shart kuzda maʼlum boʻladi“, deb xabar beradi, xolos. Gʻ.Gʻulom esa „Mening oʻgʻrigina bolam“ hikoyasidagi oʻgʻrining kechagi kunini loʻnda detallar orqali toʻldiradi. Uydan biron narsa olmay chiqib ketgan yigitning ertangi kuni haqida hech qanaqa maʼlumot bermaydi.

Ixchamlik hikoyaning muhim belgisi, lekin unda personaj hayotidan birgina lavha, uzoq davrlik voqealar, personajlarning butun umr yoʻli, bir emas, bir necha odamlar taqdiri, xarakterning shakllanish jarayoni, ruhiy holatlarning almashinib turishi, muhim fazilat boʻlib qolishi mumkin. Biroq har qanday koʻrinishda ham tasvir siqiq tarzda beriladi.

Hikoya mazmuniga koʻra lirik, psixologik, falsafiy, ilmiy-fantastik, satirik, yumoristik yoʻnalishlarda boʻlishi mumkin. Shuningdek, ocherkka yaqin voqeiy hikoyalar (N.Fozilovning „Ustozlar davrasida“) ham boʻladi. Oʻzbek adabiyotida bir mavzu, bitta qahramon hayoti bilan bogʻliq bir necha yozuvchi tomonidan yozilgan „hashar hikoyalar“ ham uchraydi.

Adabiyotlar

tahrir
  • Solijonov, Yoʻldosh. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
  • Vladimirova N., Sultonova M., Uzbekskiy rasskaz, Toshkent, 1968-yil.
  • Normatov U., Janr imkoniyatlari, Toshkent, 1970-yil.
  • Adabiyot nazariyasi, 2 jildli, Toshkent, 1978—1979-yil.
  • Adabiyot nazariyasi [Darslik], Toshkent, 1986-yil.
  • Adabiy turlar va janrlar, 3 jildli, Toshkent, 1991—1992-yil.