Isʼhoqxon toʻra Ibrat

Maʼrifatparvar, oʻzbek shoiri
(Isʼhoqxon to'ra Ibratdan yoʻnaltirildi)

Is’hoqxon toʻra Ibrat (1862–1937) – maʼrifatparvar shoir, tarixshunos olim, ilk oʻzbek matbuotchilaridan boʻlib, asl ismi Is’hoqxon, „Ibrat“ esa uning taxallusidir[3].

Is'hoqxon Ibrat
Tavalludi 1862-yil
Vafoti 1937-yil
Andijon
Taxallusi Ibrat
Kasbi Shoir, yozuvchi, tilshunos olim, tarixshunos olim
Ijod qilgan tillari O'zbek tili
Fors tili
Arab tili
Fuqaroligi Qo'qon xonligi
Rossiya imperiyasi
SSSR
Tanlangan asarlari „Lug'ati sitta al-sina“, „Mezon uz-zamon“[1]
Ota-onasi Junaydullaxo'ja va Huribibi[2]

Hayoti

tahrir

Is’hoqxon toʻra Ibrat 1862-yilda Namangan yaqinidagi Toʻraqoʻrgʻon qishlogʻida tugʻilgan. Uning bobosi Toʻraxon maxdum Qo'qon xonligida katta eʼtiborga loyiq ziyolilar sulolasiga mansub boʻlib, Toʻraqoʻrgʻonda uzoq yillar qozilik qilgan va „Afsus“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan[4]. Is’hoqxonning otasi Junaydullaxoʻja sheʼriyatga ixlos qoʻygan, „Xodim“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Onasi Huribibi ham oʻqimishli ayol boʻlgan va uyida qishloq qizlarini oʻqitgan[5]. 1870-yillarda otasidan ayrilgan Is’hoqxon dastlab hijo usuliga asoslangan qishloq maktabida oʻqiydi. Keyin onasini qoʻlida taʼlim olib savod chiqaradi[6]. Is’hoqxon oʻqishni davom ettirish uchun 1878-yilda Qoʻqonga boradi va Muhammad Siddiq Tunqotar madrasasiga oʻqishga kiradi. Is’hoqxon Qoʻqonda oʻqib yurgan paytlarida „Ibrat“ taxallusi bilan sheʼrlar yoza boshlaydi.

1922-yilda uning katta oʻgli Abbosxon bosmachilar odami sifatida shubha qilinib, rus hukumati askarlari tomonidan kaltaklab oʻldirilgan. Ushbu maʼlumotlar Is’hoqxon Ibratning „Qoʻrboshilar zamoni“ asarida yozilgan boʻlsa-da 1937-yilda, qatagʻon avjiga chiqqan pallada, bu qoʻlyozma asar ham Andijon zindonida yoʻq qilinadi[7].

Faoliyati

tahrir

Is’hoqxon Ibrat 1885-yilda Qoʻqondagi madrasani tugatib, Toʻraqoʻrgʻonga qaytadi. Is’hoqxon Toʻraqoʻrgʻonga qaytgach hijo usuliga asoslangan „usuli qadim“ maktablaridan tubdan farq qiladigan maktab ochadi[8]. Uning maktabi „usuli savtiya“ metodiga asoslangan maktab boʻlib, anʼanaviy oʻqitish usullaridan farq qiladi. Ammo bu maktab uzoq faoliyat koʻrsata olmadi. Mutaassiblar uni yopishga muvaffaq boʻldilar. Chet el hayoti va madaniyati bilan yaqindan tanishishni istagan Is’hoqxon 1887-yili sharq mamlakatlari boʻylab safarga otlandi. Is’hoqxon toʻraning safarga chiqishidan asosiy maqsad, avvalambor onasining hajga olib borish haqidagi iltimosini qondirish boʻlsa, ikkinchidan, chet-el xalqlari hayoti, maʼdaniyati bilan yaqindan tanishish, xorijiy tillarni oʻrganish ishtiyoqi edi[9]. 1892-1896-yillarda Hindistonning eng katta port shaharlari Bombey va keyinroq Kalkuttada yashaydi. Is’hoqxon sayohati davomida 4 ta tilni mukammal oʻrganadi[10]. Arab, fors, hind va ingliz tillari shular jumlasidandir. U sharq tillari bilan bir qatorda, gʻarb tillarini ham bilish zarur deb hisoblaydi va Arabistonda fransuz tilini, Hindistonda ingliz tilini, shu bilan birga, eng qadimiy finikiy, yahudiy, suryoniy, yunon yozuvlarini oʻrganadi[11]. Is’hoqxon bu mamlakatlarda naqqoshlik, kishilarga muhr yasab berish, masjid-madrasalar peshtoqlariga va qabr toshlariga naqsh solib berish, kitoblardan naʼmuna koʻchirib berish bilan tirikchilik qiladi. Is’hoqxon toʻra Ibrat 1896-yilda Hindistondandan Birma orqali Xitoyga, soʻngra Qashqarga oʻtdi va undan soʻng oʻz vataniga qaytadi[12]. Is’hoqxon Hindistondan rus va Yevropa kompozitorlarining asarlari yozilgan „Santur“ nomli musiqa asbobi, bir qancha plastinkalar va grammofon olib keladi[13][14]. Is’hoqxon Toʻra Ibrat Oʻrta Osiyo hududidagi ilk matbaachilardan biri sifatida, 1908-yil Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qoʻqongacha poyezdda, Qoʻqondan Toʻraqoʻrgʻonga tuyalarga ortib olib kelgan va oʻz hovlisida „Is’hoqiya bosmaxonasi“ni tashkil qilgan[15]. Bu asbob-uskunalar mahalliy savdogar Gaufmandan toʻlovni 11 yilda amalga oshirish sharti bilan sotib olingan edi[16][17][18]. Bu bosmaxona oʻtgan asrning 60-yillarigacha faoliyat koʻrsatib kelgan va u yerda oʻtgan davr mobaynida bir qator ilmiy-maʼrifiy kitob va risolalar, milliy gazetalar chop etilgan, ularni tarqatish uchun Fargʻona vodiysi boʻylab oʻnlab kitob doʻkonlari tashkil qilingan[19]. 1908-yilda „Fiqhi Kaydoniy“ nomli tarjima kitobi arabcha matnda nashr ettiriladi. 1907-yilda hattotlik sanʼatiga oid 17 xil yozuv bilan ifodalangan asari Turkiston general–gubernatori tomonidan faxriy chopon bilan taqdirlanadi[20][21]. Ishoqxon Ibrat matbaachi sifatida 1908-yildayoq Namanganda „Matbaai Ishoqiya“ni tashkil etib, kitob nashriga kirishgan edi[22]. Is’hoqxon Ibratning „Jomeʼ ul-xutut“ asaridan oldinroq yaratilgan „Sanʼati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy (Mirrajab Bandiy qoʻli bilan koʻchirilgan Ibrat husnixat sanʼati haqida Mufradot kitobi)“ asari xattotlar uchun husnixat boʻyicha qoʻllanma sifatida yaratilgan boʻlsa-da, Fargʻona vodiysi viloyat va shaharlarida faoliyat koʻrsatgan usuli jadid maktablaridan „Alifbo“ darsligi sifsatida ham qoʻllangan. 1914-yilda Toʻraqoʻrgʻonda rus makatabi ochdi va uni „Uchitel“ deb nomladi. Maktabni 1916-yilda general-gubernatorlik maʼmuriyati ruxsatisiz ochilganini bahona qilib yopib qoʻyishadi. Is’hoqxon Ibrat 1898-yildan boshlab Toʻraqoʻrgʻon va Namangan shaharlarida xalq qozisi lavozimida faoliyat yuritdi.

1913-yilda „Matbaayi Is’hoqiya“ qoshida „At-Tujjorun Namangon“ nomida gazeta chiqarishga harakat qiladi va hukumatdan ruxsat olish uchun ariza yozadi. Har qancha harakat qilsa-da, Is’hoqxon gazeta chiqarishga muvaffaq boʻla olmadi. Lekin keyinchalik oʻz uyida kutubxona tashkil qildi va uni „Kutubxonayi Is’hoqiya“ deb atadi. Kutubxonaning maktab oʻquvchilariga bagʻishlangan boʻlimida S.Saidazizov, Munavvarqori Abdurashidxonov, A.Avloniy, M.Behbudiy, Ismoil Gaspirali, S.Gramenitskiy kabi pedagoglarning ellikdan ortiq darslik va oʻquv qoʻllanmalari bir necha nusxada, taʼlim-tarbiyaga oid yuzlab noyob kitoblar boʻlgan. Ibrat kutubxona aʼzolarining kitob olish va oʻqib boʻlgach, uni topshirish daftarini ham joriy qilgan. Maosh bilan ishlovchi kutubxonachi ham tayinlangan. Biroq, bir necha ming kitob, qoʻlyozmalar, gazeta va jurnallar toʻplamini oʻz ichiga olgan ushbu kutubxona 1917-1920-yillarda talon-taroj qilindi. 1937-yilda butunlay yoʻq qilib yuborilgan[23]. U jamoat arbobi sifatida otasidan qolgan besh tanob yerda xalq uchun istirohat bogʻi yaratdi, toshdan katta hovuz va oʻrtasiga favvora qurdiradi, 150 tup archa va manzarali daraxtlardan xiyobon barpo etdi. Yevropa usulida katta imorat qurdirib, arkiga „Xush kelibsiz, Is’hoqiya bogʻiga“ deb yozib qoʻygan.

Is’hoqxon Ibratning sheʼr va maqolalari „Taraqqiy“, „Tujjor“, „Sadoyi Turkiston“ „Al-Isloh“ gazeta va jurnallarida, Mahmudxoʻja Behbudiyning „Oyina“ jurnalida, Obidjon Maxmudovning „Sadoyi Fargʻona“ gazetasida doimiy bosib chiqarilgan.

Lugʻati sitta al-sina

tahrir

Is’hoqxon „Lugʻati sitta al-sina“ asarini XIX asr 90-yillarning oʻrtalarida, chet-el safaridan qaytishi bilan yozilgan boʻlsa-da, qattiq nazorat va taʼqib tufayli ancha kechikib, 1901-yilda Toshkentdagi V. I. Lenin nomidagi bosmaxonada chop etildi. Lugʻat olti tilli, murakkab, oʻzbekcha soʻzlarning arabcha, forscha, hindcha, turkcha va ruscha tarjimalari mavjud edi. Lugʻat mingdan ortiq soʻzlarni oʻz ichiga olib, 53 bet va ikki qismdan tashkil togan edi[24]. Is’hoqxon Ibratning mazkur lugʻatini arab alifbosida yaratishi ham turkiy xalqlarni ruslashtirish siyosatiga zid edi. Lugʻatning birinchi qismi alifbo tartibida tuzilgan boʻlib, har qaysi harfga alohida kichik-kichik boblar ajratilgan. Asarning ikkinchi qismi 37 bobdan iborat boʻlib, feʼllarning boshqa shakllari, otlar, kishilik olmoshlari, kun, oy nomlari, odam aʼzolari, hayvonlar, hasharotlar, parrandalar, oziq-ovqat va boshqa narsa predmetlarning nomlarini oʻz ichiga olgan. Bu qismda avval arabcha, keyin uning forscha, turkcha, hindcha va ruscha tarjimalari keltiriladi[25][26].

Jomeʼ ul-xutut

tahrir

Is’hoqxon Ibrat 1912-yilda tilshunoslikning hali oʻrganilmagan sohasiga bagʻishlangan „Jomeʼ ul-xutut“ (Yozuvlar majmuasi) asarini oʻz bosmoxonasi „Matbaai Ishoqiya“da chop etdi[27]. Muallif oʻzining ushbu ilmiy asarida eng qadimgi yozuvlardan – piktografiya (lotincha pictus – rasm va grekcha grapho – yozaman) yozuvlardan to XX asr boshlaridagi eng mukammal yozuvlargacha bosib oʻtilgan taraqqiyot davrini yoritib bergan. Is’hoqxon Ibratning ushbu asari 132 betdan iborat boʻlib, oʻsha davrda dunyoga mashur boʻlgan qirqqa yaqin yozuv tizimi haqida, shu jumladan, arab xatining suls, tavqeʼ, rayhon, zulf, humoyun, turra, kabi husnixat shakllari haqida maʼlumot beradi.

Tarixi Fargʻona

tahrir

Oʻrta Osiyo tarixiga bagʻishlangan muallifning eng yirik va keng qamrovli asari „Tarixi Fargʻona“ 1912-1913-yillarda yozib tugatilgan[28]. Is’hoqxon Ibrat ushbu musavvada holatda boʻlgan asar qoʻlyozmasini xattot Inoyatxon To'raqo'rg'oniyga koʻchirtiradi va yaqin tanishlaridan „Turkiston viloyatining gazeti“ sobiq xodim tarixchi Mulla Olim Maxzum hojiga (bu olim ham xuddi shu davrga bagʻishlangan „Tarixi Turkiston“ nomli asar yaratgan) yoki yaqin doʻsti Ibn Yaminbek vafot etgani uchun uning ukasi Fansurullohbek Xudoyorxon ogʻliga – Toshkentga yuboradi. Oʻzining bosmaxonasi „Matbaayi Is’hoqiya“ shoʻro hukumatining dastlabki yiliyoq egasidan tortib olingan va bu asarni oʻz bosmoxonasida nashr etish imkoniyatidan mahrum etilgan edi[29]. 1910-yillarning ikkinchi yarmidagi parokandalik, qatagʻon buning ustiga, Mulla Olim Maxzumning vafot etishi, Fansurullobekning qamoqqa olinishi va qamoqda vafot etishi asar qoʻlyozmasi boshqa notanish insonlar qoʻlida qolib ketgan[30]. Gʻarb tillarini ham mukammal bilgan olim „Tarixi Fargʻona“ asarini yaratish jarayonida atoqli sharqshunos olimlar V.V.Radlov, V.V.Bartold, V. P. Nalivkin, turkshunos, etnograf, sayyoh Herman Vamberi asarlaridan foydalangan.

Is’hoqxon Ibrat XIX asrning birinchi yarmi – Muhammadalixon hukmronlik qilgan davrni qalamga olar ekan, 1842-yilgi Qoʻqonda boʻlib oʻtgan qirgʻinni ham keng yoritib beradi. Buxora amiri Nasrullo Qoʻqonga bostirib kirib, shaharni talagan. Asarda shu bilan bir qatorda Nodirabegim hayoti va faoliyati haqida koʻplab maʼlumotlar keltirilgan. Tarixchi-olim Is’hoqxon Ibrat asarda Qo'qon xonligida hukmronlik qilgan xonlar faooliyatini xronologik tarzda bayon etadi.

Sheʼriyati

tahrir

Is’hoqxon Ibratning zamondoshi, shoir, tarjimon, xattot Sulaymonqul Muhsiniy Is’hoqxon Ibratning fazilatlari haqida gapirib, „sohibi devon“ deb, taʼrif bergan. Bundan tashqari, Ibrat sheʼrlarining kichik bir qismini toʻplab, oʻz matbaasida „Ilmi Ibrat“ nomi bilan 1909-yilda Oxunzoda Abdurauf Shahidiy muahrrirligida soʻnggi soʻz qismi bilan birgalikda 16 betdan iborat boʻlib, 1 ta arabcha, 3 ta forscha, 5 ta oʻzbekcha sheʼrdan tashkil topgan. Toʻplamdagi sheʼrlarning asosiy mazmunini shoir yashab ijod etgan tuzumdagi adolatsizlikni tanqid ostiga olish va xalqni ilm-maʼrifatga chaqirish gʻoyalaridan tashkil topgan. Ibratning birmuncha sheʼrlari shoirning toʻngʻich oʻgʻli Abbosxon Is’hoqov tomonidan 1918-yilda tuzilgan bayozga kiritilgan. Is’hoqxon Ibrat mazkur davr Qoʻqon adabiyoti muhitining Nodim Namangoniy, Mulla Jalolxon Vasfiy, Muhammadsharif Soʻfizoda, Muhsiniy, Ubaydulla Gʻurbat kabi yirik shoirlar bilan adabiy hamkorlikda boʻlgan. Ibrat, asosan, oʻzbek tilida, qisman, arab va fors tillarida ijod qilgan. Ibrat yoshligidan Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Bobur, Mashrab kabi ijodkorlarning merosini chuqur oʻrgangan. Ibratning „Qarz“, „Qalaysizlar“, „Boʻlubdur“, „Oʻlursan“, „Siym-u zardur“ kabi sheʼrlari ijtimoiy-siyosiy mavzularga bagʻishlangan. Is’hoqxon Ibratning 15 band 90 misradan iborat boʻlgan „Qarz“ radifli musaddasi 1993-yilda „Turkiston viloyatining gazeti“da eʼlon qilindi. Shoirning ushbu sheʼrida mustamlaka Turkistondagi hisobsiz soliqlar natijasida kambagʻal dehqonlarning boshiga tushgan musibatlar aks ettirilgan. Shu bilan birga shoirning „Tarixi chopxona“, „Madaniyat haqida masnaviy“, „Turkiston xalqigʻa xitob“, „Gazit xususida“, „Tabrik Namangondin“, „Tarixi manzumayi vagon“, „Qalam“ kabi sheʼrlarida omma ichida keng tarqalgan[31].

Matbaayi Is’hoqiya

tahrir

Orenburg shahridan Is’hoqxon Ibrat bir komplekt toshbosma va bir komplekt tipografiya jihozlari olib kelgan. Litografiya ochish uchun Is’hoqxon Ibrat Namangan shahar uyezdiga soʻngra esa Fargʻona viloyatiga bir necha bor soʻrovnoma asosida murojat qiladi. Oradan bir yil oʻtgach Fargʻona viloyati hokimligi Is’hoqxon Ibratga oʻz hovlisida bosmaxona ochishga ruxsat beradi. Ruxsatnoma olinganidan soʻng u toshbosma matbaani uch kishi hamkorligida: shoir Abdurauf Shahidiy, Husain Makayev va A.Abdusattorboyevlar bilan oʻz uyida ish boshlaydi[32]. 1906-yilda Is’hoqxon Ibrat tomonidan yaratilgan, Mirrajab Bandiy tarafidan koʻchirilgan „Sanʼati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy Mufradot“ (Mirrajab Bandiy qoʻli bilan koʻchirilgan Ibrat husnixat sanʼati haqida Mufradot kitobi) risolasi chop etildi. 26 sahifadan iborat boʻlgan risola xattotlik sanʼatiga qiziquvchilar va uni oʻrganuvchilar uchun moʻljallangan. Risolada xattotlik sanʼati namunalari berilgan. 1908-yilda litografiya „Ilmi Ibrat“ sheʼriy risolasini nashr etdi, unda Is’hoqxon Ibratning yetti sheʼri ham eʼlon qilingan edi. Bu sheʼrlar maʼrifatparvarlik mazmunida boʻlib arab, fors va oʻzbek tillarida yozilgan. 1908-yilda Namanganlik Hoji Usmonbek zargarning „Ajoyib ulfozili olam“ (Fozillar va olimlarning ajoyib fazilatlari) asari nashr etildi. 1911-yida oʻzbek yozma dramaturgiysining toʻngʻich asari boʻlgan qoʻqonlik muallim Abdurauf Samadovning „Mahramlar“ pyesasi nashr etiladi[33]. 1912-yilda Is’hoqxon Ibratning „Jomeʼ ul-xutut“ (Yozuvlar majmuasi) ilmiy risolasi, jahon xalqlari turli yozuv tizimlarining kelib chiqishi, rivojlanishi va hozirgi ahvoli toʻgʻrisida hikoya qiluvchi kitobi bosmadan chiqarildi. 1916-yilda Jizzax qoʻzgʻoloni munosabati bilan A.Muhiddinning „Loshmon fojealari“ sheʼriy toʻplami nashr qilinadi. Aynan shu yili Is’hoqxon Ibrat tomonidan nazmiy yoʻl bilan tuzilgan „Fiqhi Kaydoniy“ (Qonunshunoslik asri) ham nashr etilgan. 1917-yilda Qoraxoniylar davlati asoschisi Sotuq Bugʻraxonga bagʻishlangan „Tazkirayi Uvaysiya“ asari chop etildi[34][35].

Asarlari

tahrir
  • Lugʻati sitta al-sina 1896-yil[36]
  • Jomeʼ ul-xutut (Yozuvlar majmuasi) 1912-yil[37]
  • Mezon uz-zamon (Zamon tarozusi) 1928-yil[38]
  • Tarixi Fargʻona 1916-yil[39]
  • Tarixi madaniyat 1926-yil[40]
  • Tarixi hurriyat
  • Qoʻrboshilar zamoni (XX asrning 20-yillari)
  • Sanʼati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy (Mirrajab Bandiy qoʻli bilan koʻchirilgan Ibrat husnixat sanʼati haqida Mufradot kitobi) 1908-yil[41]

Vafoti

tahrir

Is’hoqxon Toʻra Ibrat 1935-yildan hamma lavozimlardan olib tashlandi va 1937-yilning mart oyida shoʻro hukumati tomonidan amalga oshirilgan qatagʻon natijasida qamoqqa olindi. Ibratning toʻplangan qoʻlyozma va toshbosma kitoblari, Fayzulla Xoʻjayev tomonidan berilgan imtiyozli xat 4 ta qanor qopga joylanib, olib ketiladi. Uning qishlik uy -joyi, uy-roʻzgʻor asboblari kim oshdi savdosiga qoʻyib sotib yuboriladi, oilasi va bolalari 3 sotixdan iborat quruq yerga chiqarib qoʻyiladi[42]. U Andijon zindoniga yuborildi va u yerda besh-olti oy davomida hibsda saqlangan. Qamoq sharoitida u nafaqat jismoniy, balki ruhiy bosimlarga ham duch keldi. Olingan maʼlumotlarga koʻra, Is’hoqxon Ibrat qamoqxonada ogʻir sharoitlarda vafot etgan.

Xotirasi

tahrir

Is’hoqxon Toʻra Ibrat oʻzbek maʼrifatchiligi va adabiyoti tarixida muhim oʻrin tutadi. Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2017-yil 13-aprelda Vazirlar Mahkamasi tomonidan „Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi yodgorlik majmuasini tashkil etish“ toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 2018-yil 3-may kuni ushbu majmua rasman ochildi va unda muzey, bogʻ, xiyobon, bosmaxona hamda Is’hoqxon Ibratga bagʻishlangan haykal oʻrnatildi. 2005-yilda uning katta hajmda pedagogik hamda adabiy, ilmiy asarlari qayta nashr etildi. 2017-yilda Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi ochildi[43].

Adabiyotlar

tahrir
  1. U.Dolimov, Is’hoqxon Ibrat, Toshkent, Fanlar Akademiyasi, 1984.
  2. R.Xolmatov, Fargʻona noshirlari va nashrlari, Toshkent, Oʻzbekiston, 1986.
  3. A.Boboxonov, Oʻzbek matbaachiligi tarixidan, Toshkent, Sharq, 1984.
  4. Ibrat, Ajziy, Soʻfizoda. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 1999;
  5. Adeeb Khalid. The Politics of Muslim Cultural Reform: Jadidism in Central Asia. Berkeley & Los Angeles 1998.
  6. A. Marcos, D. Dragnea, M. Dragnea. Islamic Culture and Pre-Islamic Beliefs in Central Asia. Lexington Books. 2024.
  7. Ishoqxon Ibrat. Tanlangan asarlar. Maʼnaviyat", 2005. Toshkent:
  8. Ishoqxon Ibrat. Jomeʼ ul-xutut. Matbaayi Is’hoqiya, 1912 Namangan:
  9. Ishoqxon Ibrat. Tarixi Fargʻona. OʻzR FA SHI Qoʻlyozmalar fondi, inv. 11080.
  10. Is’hoqxon Ibrat. Tarixi madaniyat. OʻzR FA SHI Qoʻlyozmalar fondi, inv. 11616.
  11. Mahmudxoʻja Behbudiy. Tanlangan asarlar. Toshkent: Maʼnaviyat, 2006.
  12. Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti. kent: Maʼnaviyat, 2004. Toshkent: maʼnaviyat, 2004.
  13. Qosimov B., Dolimov U. Maʼrifat dargʻalari. Toshkent: Oʻqituvchi, 1990.

Manbalar

tahrir
  1. „Is'hoqxon to'ra Ibrat hayoti va ijodi“. sputnik.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  2. „Is'hoqxon to'ra Ibrat hayoti va ijodi“. sputnik.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  3. Is’hoqxon Ibrat. Ilmi Ibrat. – Toʻraqoʻrgʻon: Matbaayi Is’hoqiya, 1909. 4-bet.
  4. "Yoshlar nashriyoti" Jadidlar toʻplami Is’hoqxona Toʻra Ibrat 4-5-betlar
  5. „ИСҲОҚХОН ИБРАТ ҲАЁТИ ВА ИЛМИЙ МЕРОСИ ҲАҚИДA“. slib.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  6. "Mezon uz-zamon". Is’hoqxon Ibrat. I daftar, 36-bet.
  7. "Yoshlar nashriyoti" Jadidlar toʻplami Is’hoqxona Toʻra Ibrat 129-bet
  8. Is’hoqxon Ibrat. Mezon uz-zamon. II daftar, 45-bet.
  9. Is’hoqxon Ibrat. Lugʻati sitta al-sina. – Toshkent: Ilyin, 1901. 2-bet.
  10. „Ishoqxon Ibrat haqida. G’azallari va she’rlar to’plami.“. ilmlar.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  11. Haq soʻz. // Turkiston viloyatining gazeti. 1908, 56-son.
  12. „БУЮК МАЪРИФАТПАРВАР ИСҲОҚХОН ИБРАТ(1862-1937)“. www.bukhari.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  13. „Fotoreportaj: Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon Ibrat muzeyi“. Daryo.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  14. Dolimov U. Ishoqxon Ibrat. Tanlangan asarlari. – Toshkent: „Maʼnaviyat“, 2005. – 200 b.
  15. Khalid A. Printing, Publishing, and Reform in Tsarist Central Asia. International Journal of Middle East Studies. 1994;26(2):187-200. doi:10.1017/S0020743800060207
  16. Matbaai Is'hoqiya tarixidan“. cyberleninka.ru. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  17. Khalid A. Printing, Publishing, and Reform in Tsarist Central Asia. International Journal of Middle East Studies. 1994;26(2):187-200. doi:10.1017/S0020743800060207
  18. Olim Usmon, Oʻzbekistonda rus tilining ilk targhibotchilari (Tashkent, 1962)
  19. „TO‘RAQO‘RG‘ON TO‘RASI TO‘G‘RISINDA“. jadid.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  20. Ibrat I. Jome ul xutut. Namangan. 1912. OʻzR FA. ShI. Q. No 621.
  21. „Is’hoqxon Ibratning qozilik faoliyati“. huquqburch.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  22. Buyuk allomalarimiz merosida maʼrifiy islom. – Toshkent: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi, 2021. –378-b.
  23. Pismo v redaksiyu. // Turkiston viloyatining gazeti, 1911, 70-son.
  24. Is’hoqxon Ibrat. Lugʻati sitta al-sina. – Toshkent: Ilyin, 1901. 2-bet.
  25. "YOSHLAR NASHRIYOT UYI" – Toshkent 2022. Jadidlar toʻplami, Is’hoqxon toʻra Ibrat 27-bet.
  26. Xabarlar // Turkiston viloyatining gazeti. 1901, 4-avgust.
  27. „Is'hoqxon to'ra Ibrat hayoti va ijodi“. sputnik.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  28. Turkiston viloyatining gazeti. 1913, 48-son.
  29. „Tarixi Turkiston“. n.ziyouz.com. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  30. Is’hoqxon Ibrat. Tarixi Fargʻona. Qoʻlyozma. OʻzR FASHI Qoʻlyozmalar fondi. inv. 11080, 4-bet.
  31. "YOSHLAR NASHRIYOT UYI" – Toshkent 2022. Jadidlar toʻplami, Is’hoqxon toʻra Ibrat 160-bet.
  32. R.Xolmatov, Fargʻona noshirlari va nashrlari, Toshkent, Oʻzbekiston, 1986
  33. A.Boboxonov, Oʻzbek matbaaschiligi tarixidan, Toshkent, Sharq, 1984
  34. "Matbaai Is’hoqiya" tarixidan R.Xolmatov, Z.Ergasheva, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, 64-bet.
  35. Olim Usmon, Oʻzbekistonda rus tilining ilk targhibotchilari (Tashkent, 1962)
  36. „Is'hoqxon to'ra Ibrat hayoti va ijodi“. sputnik.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  37. „Ishoqxon To’ra Ibrat. Tarixi Farg’ona & Rasulbek Ummatov. Ibratning ijodiy faoliyati“. kh-davron.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  38. „Ishoqxon To’ra Ibrat. Tarixi Farg’ona & Rasulbek Ummatov. Ibratning ijodiy faoliyati“. kh-davron.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  39. „Ishoqxon To’ra Ibrat. Tarixi Farg’ona & Rasulbek Ummatov. Ibratning ijodiy faoliyati“. kh-davron.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  40. „TO‘RAQO‘RG‘ON TO‘RASI TO‘G‘RISINDA“. jadid.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.
  41. "Matbaai Is’hoqiya" tarixidan R.Xolmatov, Z.Ergasheva, Qoʻqon davlat pedagogika instituti
  42. Ishoqov R. va Nizomova J. bilan qilingan suhbatlar matni. 1994. mart, aprel. Dolimov U. Ishoqxon Ibrat. -B.106
  43. „Is'hoqxon to'ra Ibrat hayoti va ijodi“. sputnik.uz. Qaraldi: 10-fevral 2025-yil.

Havolalar

tahrir