Turkiyshunoslik, turkologiya – turkiy tillarda soʻzlashuvchi xalqlarning tillari, etnografiyasi, tarixi, adabiyoti, folklori, madaniyatini oʻrganuvchi gumanitar fanlar majmui.

Turkiy tillarning yoyilish xaritasi (hozirgi hududlar)

Tarixi

tahrir
 
KoshgʻariyningDevonu lugʻotit turk“ asaridan olingan XI asrga oid xarita

Dastlab turkiyshunoslik, asosan, filologik fan sifatida rivojlandi. Turkiyshunoslikning eng muhim manbalari: VII—XI asrga mansub urxun-yenisey yozuvlari, uygʻur yozuvi yodgorliklari, oʻrta asrlarda yashab, arab, fors va turkiy tillarda ijod etgan mualliflarning asarlari va boshqa turkiy qabilalar haqida Mahmud Koshgʻariy tomonidan toʻplab tartibga solingan eng qadimgi maʼlumotlar toʻplami – „Devonu lugʻotit turk“ va Abulgʻoziy Bahodirxonning tarixiy- etnografik asarlari ham muhim ahamiyatga ega.

Gʻarbiy Yevropada turkiyshunoslik

tahrir

Gʻarbiy Yevropa turkiylar bilan XI–XIII asrlarda, Vizantiya hamda salibchilarning saljuq turklariga qarshi kurashi paytida tanishadi. Turklar tomonidan Konstantinopol (hozirgi Istanbul)ning bosib olinishi ularga boʻlgan qiziqishni yanada orttirdi. Yevropa adabiyotida Usmonli turk imperiyasining dastlabki tavsifi XV—XVI asrlarga mansub. Gʻarb sharqshunosligida turkiyshunoslikning XVII—XVIII asrlardagi bosh yoʻnalishi Usmonli turk imperiyasini, uning siyosiy va harbiy qudrati negizlarini oʻrganishdan iborat boʻlgan. Yevropadagi dastlabki tadqiqot obʼyektlaridan yana biri turk tilidir: 1533-yilda dastlabki qoʻlyozma qoʻllanmasi, 1612-yilda Iyeronim Megizerning ilk bosma grammatikasi yaratildi. Usmonli turk tili boʻyicha yuqoridagi va boshqa asarlar, ayniqsa, F.Meninskiyning turk tili grammatikasi va lugʻati (XVII asrning ikkinchi yarmi) Gʻarbiy Yevropa va Rossiyada XVIII asr oxiri – XIX asr boshida turkiy tillarni ilmiy oʻrganishga zamin hozirladi.

Rossiyada turkiyshunoslik

tahrir

Rossiyada turkiyshunoslik bilan muntazam shugʻullanish (XVIII asrning ikkinchi yarmidan) I.Giganov va S.Xalfinlarning nomi bilan bogʻliq. Turkiyshunoslik Rossiyada XIX asrda va XX asr boshlarida sezilarli taraqqiyot darajasiga erishadi va kompleks fan sifatida shakllanadi (X. D. Fren, I. O. Senkovskiy, M. M. Kazimbek, Otto von Böhtlingk, Lazar Budagov, Platon Melioranskiy, F.Ye. Korsh, Vasiliy Grigoryev, Nikita Bichurin, Vladimir Velyaminov-Zernov, Nikolay Xanikov, Berezin Ilya Nikolayevich, Nikolay Veselovskiylarning turkiy xalqlar tillari, adabiyoti va tarixini, qisman numizmatikani oʻrganishga bagʻishlangan asarlari). XIX asr 60-yillarida Nikolay Ilminskiy va Vasiliy Radlovlarning asarlari bilan turkiy tillarni oʻrganish (ayniqsa, qadimgi va oʻrta turkiy yozuv yodgorliklarini oʻrganish, tillarni qiyosiy oʻrganish, umumturkiy lugʻat yaratish va boshqalar) tarixida yangi bosqichga asos solindi. Lazar Budagovning 2 jildli „Turkiy lahjalarning qiyosiy lugʻati“ (1869—1871), Vasiliy Radlovning 4 jildli „Turkiy lahjalar lugʻati tajribasi“ (1888—1911) lugʻatlari turkiy leksikografiya tarixida muhim yangilik boʻldi.

Oʻrta Osiyo xalqlari tarixini, uning ijtimoiy, iqtisodiy muammolarini oʻrganish (XIX asr oxiri) esa Bartold nomi bilan bogʻliq. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida turkiyshunoslikning rivojlanishiga turkiy xalqlarning oʻzlaridan yetishib chiqqan baʼzi olimlar ham (Choʻqon Valixonov, Qayum Nosiriy, Mirza Oxundov, Isʼhoqxon Ibrat, Ibray Oltinsarin, Nikolay Katanov va boshqalar) hissa qoʻsha boshladilar. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida lingvistik turkiyshunoslik maktablari Oʻrta Osiyo va Kavkazda ham paydo boʻldi. Nikolay Ostroumov, N. N. Pantusov, Vladimir Nalivkin, I. A. Belyayev, S.Lapin, I.Budzinskiy, L.Afanasyev, I. D. Yagello, I. M. Bukin, Ibray Oltinsarin kabilar Oʻrta Osiyodagi turkiy tillarni, Nikolay Xanikov, L.Lazarev, V. X. Kondaraki, M. A. Usmonov, O.Zaatov, M. G. Afanasyev, N. A. Karaulovlar Kavkazdagi turkiy tillarni oʻrganish bilan shugʻullandilar.

SSSRda turkiyshunoslik

tahrir

Shoʻro davrida tarix va tarixnavislik, til va adabiyot sohalaridagi bir tomonlama siyosat va mafkura tazyiqi sezilib tursada, sharqshunoslik va turkiyshunoslik ijobiy anʼanalarga asoslangan holda rivojlanishda davom etadi. Bunda oʻz ijodlarini chor Rossiyasi davridayoq boshlagan Vasiliy Bartold, Vasiliy Dmitriyevich Smirnov, V. A. Bogoroditskiy, Aleksandr Samoylovich, S.Ye. Malov, N. I. Ashmarin, A.Ye. Krimskiy, A. P. Kovalevskiy, Nikolay Marr, I. A. Orbeli va boshqa olimlar alohida oʻrin egallaydi (N. F. Katanov 48 ta turkiy til va lahjalarning chogʻishtirma grammatikasini yozdi, N. I. Ashmarin chuvash tiliga oid 17 jildli asar yaratdi).

1926-yilda Bokuda Butunittifoq turkiyshunoslar qurultoyi boʻlib, unda, birinchidan, turkiyshunoslikning muammolari oʻrtaga tashlanib, bu sohadagi kelajak vazifalar muhokama qilindi, ikkinchidan, SSSRda yashovchi turkiy xalqlar hamda yozuvga ega boʻlmagan boshqa xalq va elatlar uchun ularning fonetik qurilishini toʻlaroq aks ettiruvchi alifbolar yaratish masalasi koʻrib chiqildi. Natijada til qurilishi sohasida jadal ishlar boshlanib, N. F. Yakovlev, L. I. Jirkov, Aleksandr Samoylovich, B.Choʻponzoda, Yevgeniy Polivanov, A. A. Palmbax, A. M. Suxotin, Konstantin Yudaxin va boshqa turkiyshunoslar tomonidan SSSRdagi turkiy tillar uchun yangi alifbolar va imloning ilmiy asoslari yaratildi.

Qadimgi yozuv anʼanalariga ega boʻlgan oʻzbek, ozarbayjon, uygʻur, turkman, tatar, boshqird, qozoq va boshqa turkiy xalqlar 1927–1930-yillarda lotin grafikasi asosidagi alifbolarni qabul qildilar. Bu jarayonning ijobiy (savod chiqarishning osonlashuvi) va salbiy (qadimdan oʻz yozuviga ega boʻlgan oʻzbek, ozarbayjon, uygʻur va boshqa xalqlarni qariyb ming yillik yozma yodgorliklaridan, madaniy merosidan mahrum qilish) oqibatlari ilmiy jamoatchilikka yaxshi maʼlum. Ayni shu davrda (oʻtgan asrning 30-yillari va undan keyin) turkiyshunoslikka, jumladan, turkiy tillarni har tomonlama oʻrganishga Choʻponzoda, N. K. Dmitriyev, A. P. Potseluyevskiy, I. A. Batmanov, Konstantin Yudaxin, E. K. Pekarskiy, X.Jubanov, N.Sauranboyev, S.Amanjolov, B. M. Yunusaliyev, T. N. Xaritonov, Aleksandr Borovkov, Solih Mutallibov, Gʻozi Yunusov, Andrey Kononov, Aleksandr Shcherbak, Sergey Nikolayevich Ivanov, Viktor Reshetov, Ye. I.Ubryatova, M.Sh. Sheraliyev, Adham Tenishev, Fatxulla Abdullayev, Ayyub Gʻulomov, Shonazar Shoabdurahmonov, M. Z. Zakiyev, Gʻanijon Abdurahmonov, J.Kiyekboyev, Nikolay Baskakov va boshqa munosib qissa qoʻshdilar.

SSSR hududida yashovchi turkiyzabon xalqlar tarixi, etnografiyasi va arxeologiyasi esa Vasiliy Bartold, Aleksandr Yakubovskiy, S. I. Rudenko, N. P. Direnkova, S. V. Kiselyov, Vasiliy Shishkin, Mixail Masson, Sergey Tolstov, Aleksey Pavlovich Okladnikov, Yahyo Gʻulomov, A. X. Margulan, Tatyana Jdanko, Lev Gumilyov, A. D. Grach, Leonid Kyzlasov va boshqa tomonidan oʻrganildi. Turkiy xalqlar adabiyotlarini oʻrganishda ham muayyan yutuklarga erishildi (V. D. Smirnov, Aleksandr Samoylovich, Yevgeniy Bertels, Vladimir Gordlevskiy, Viktor Jirmunskiy, Abdurauf Fitrat, A.Saʼdiy, Muxtor Avezov, Hamid Orasli, M.Gʻaynullin, Hodi Zarifov, Izzat Sulton va boshqalarning asarlari).

1940-yillardan boshlab hozirgi turkiy tillar va ularning lahjalarini oʻrganish bilan bir qatorda tarixiy va qiyosiy-tarixiy fonetikasini, grammatikasini oʻrganish boshlanadi, leksikologiya va leksikografiya, dialektografiya va dialektologiya rivojlanadi, 1950-yillardan esa turkiy yozuv yodgorliklarini lingvistik jihatdan oʻrganish keng yoʻlga qoʻyiladi.

S.Ye. Malov yodgorliklarning matnlarini hamda „Qadimiy turkiy yozuv yodgorliklari“ nomli umumlashtiruvchi asarini nashr ettiradi (1951). 10 kishidan iborat turkiyshunoslar guruhi tomonidan „Qadimiy turkiy til lugʻati“ (1969), E. V. Sevortyan va shogirdlarining 4 jildli „Turkiy tillarning etimologik lugʻati“ (1974—1989), Amir Najibning „Turkiy tillarning tarixiyqiyosiy lugʻati“ (1 jild, 1979), oʻzbek lugʻatchilarining 4 jildli „Alisher Navoiy asarlari tilining izoxli lugʻati“ (1983—1985) kabi lugʻatlarning nashr etilishi, hozirgi qozoq, turkman, ozarbayjon, oʻzbek, tatar, qirgʻiz, qoraqalpoq tillari izohli lugʻatlarining yaratilishi ham turkiyshunoslik rivojiga katta hissa boʻlib qoʻshildi.

Oʻzbekistonda turkiyshunoslik

tahrir

Oʻzbekistonda turkiyshunoslik muammolari bilan shugʻullanish va shu sohada mutaxassislar tayyorlash ishlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi til va adabiyot, sharqshunoslik, tarix, arxeologiya institutlarida, Qoraqalpogʻiston boʻlimida, Toshkent sharqshunoslik institutida, Oʻzbekiston milliy universiteti va boshqa universitetlarning tegishli fakultetlarida amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda turkiyshunoslikning til, adabiyot, folklor, tarix, etnografiya yoʻnalishlari nisbatan rivojlangan. Xususan, lingvistik turkiyshunoslik rivojida Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy, Elbek, Qayum Ramazon, Solih Mutallibov, S.Ibrogʻimov, Olim Usmon, Ayyub Gʻulomov, F.Abdullayev, Ulugʻ Tursunov, Iristoy Qoʻchqortoyev, Q.Karimov, Sh. Shukurov, Gʻanijon Abdurahmonov, Shonazar Shoabdurahmonov, Alibek Rustamov, Mazluma Asqarova, Ergash Fozilov, Q.Mahmudov, A.Nurmonov, H.Neʼmatov, E.Begmatov, E.Umarov va boshqalarning, rus olimlaridan Yevgeniy Polivanov, Aleksandr Borovkov, Konstantin Yudaxin, Andrey Kononov, Viktor Reshetov, Aleksandr Shcherbaklarning hissalari katta.

XX asrning ikkinchi yarmidan hozirgi kunlargacha turkiyshunoslik muammolari barcha turkiy tilli davlatlar fanlar akademiyalariga qarashli Sharqshunoslik institutlarida yoki sharqshunoslik boʻlimlarida, universitetlar va institutlarning sharqshunoslik va turkiyshunoslik fakultetlarida, Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti va uning Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) boʻlimi, tilshunoslik, etnografiya, arxeologiya institutlarida, mintaqaviy boʻlimlari va ilmiy markazlarida oʻrganilmoqsa va hal qilinmoqda, ularda turkiyshunoslik boʻyicha yetuk mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Turkiyada turkiyshunoslik

tahrir

Turkiyada bu sohadagi ilmiy tadqiqotlar (oʻrta asrlarni oʻrganish, manbalarni nashr etish) XX asr boshlaridagina paydo boʻldi. Istanbul universiteti va boshqa muassasalarda nafaqat Turkiya tarixi, balki turkiyshunoslikning yanada kengroq muammolari – turkiy xalqlar tarixi va adabiyoti oʻrganila boshladi (A.Rafiq, M. F. Koʻprulu, A.Asim va boshqalar) nashr etildi.

Turkiyshunoslik nafaqat turkiy xalqlar yashaydigan mamlakatlarda, balki ular muqim yashamaydigan Yevropa mamlakatlarida va AQSHda, Koreya va Yaponiyada ham rivojlanmoqda. Sharqiy Yevropaning bir qancha mamlakatlarida turkiyshunoslik tarix, filologiya, baʼzan sof tilshunoslik sohalari boʻyicha rivoj topgan.

XIX asr — XX asr boshlarida venger olimlari I.Kunosh, Arminiy Vamberi, G.Kuun, B. Munkachi va boshqa asosan, qadimgi va hozirgi turkiy tillar leksikasi, tarixi va grammatikasiga oid asarlar yozdilar. Ularning ishini D.Nemet, L.Ligeti, K.Laslo, D.Xazai, A.RonaTash, D. Kara, E.Shyutslar davom ettirmoqdalar. Ayni shunday ishlar Polshada T.Kovalskiy, Ananiash Zayonchkovskiy, V.Zayonchkovskiy, E.Triyarskiy va boshqa, Ruminiyada M.Guboglu, V.Drimba, T.Label, M.Banesku va boshqa, Bolgariyada S.Chilingirov, S.Belikov, P.Jivkova, D.Gajanov, G.Gilibov, S.Mladenov, N.Todorov, M.Mollova va boshqa, Chexiya va Slovakiyada Ya. Ripka, I.Irechek, Ch. Truxelka, I.Blashkovich, Y.Kabrda va boshqa, sobiq Yugoslaviya respublikalarida G.Yelezovich, X.Xajibegich, X.Shabanovich, A.Shkalich, B.Jurjev va boshqa tomonidan amalga oshirildi.

Avstriya, AQSH, Buyuk Britaniya, GFR, Daniya, Italiya, Finlandiya, Fransiya, Shveysariya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlarda xam turkiyshunoslikning umumiy va xususiy masalalari bilan shugʻullangan va shugʻullanuvchi olimlar anchagina. Bular — nemis olimlari G.Vinkler, K.Brokkelman, G.Yakob, V.Bang, A. fon Gaben, M.Xartman, B.Flemming, G.Dyorfer; fin olimlari M.Kastren, Ramstedt Gustav Yon, M.Ryasyanen, P.Aalto; shved olimlari G.Yarring, K.Nilson, D.Yuxanson; daniyalik V.Gryonbek, K.Gryonbek, Vilhelm Thomsen; avstriyalik M.Bittker, A.Titse, F.Mikloshich, G. Meyer; angliyalik E.Gibb, Edward Denison Ross, J.Klouson; fransiyalik Pave de Kurteyl, Antoine-Isaac Silvestre de Sacy, J.Deni, Louis Bazin; italiyalik L.Bonelli, E.Rossi, A.Bombachchi; yaponiyalik Shira Xattori, Nobuo Yamada, I.Muroyama, Macao Mori, Sh. Isavi, T.Xayashi va boshqa koʻzga koʻringan turkiyshunoslardandir.

AQSHda turkiyshunoslik

tahrir

AQSHda turkiyshunoslik XX asrning 30-yillarida paydo boʻlib, 1950—1960-yillarda jadal rivojlana boshladi. Bu rivojlanish, asosan, Yevropa va Turkiyadan jalb etilgan turkiyshunoslar hisobiga boʻlib, Kolumbiya, Garvard, LosAnjeles, Indiana universitetilarida turkiy tillarni oʻqitish-oʻrganish ishlari yoʻlga qoʻyildi (hozirda ham ushbu universitetlarning xodimlari, tinglovchi va talabalari Oʻrta Osiyo turkiy xalqlari tillari, adabiyoti, tarixi, etnografiyasini oʻrganish maqsadida Oʻzbekistonda ilmiy safarlarda boʻlmoqda). Indiana universiteti 1960-yildan „Uralic and Altaic series“ toʻplamini nashr etadi, unda ural va oltoy tillari bilan bir qatorda turkiy tillar boʻyicha ham materiallar chop etiladi. Amerikalik Karl Heinrich Menges, O.Pritsak, Denis Sinor, Xalashi Kun, Stanford J. Shaw, R. X. Devison, R.Devere, Şerif Mardin, V. X. Mikneyl va boshqa AQSHda turkiyshunoslikning til, adabiyot, tarix sohalari rivojlanishiga katta hissa qoʻshdilar.

Turkiyshunoslik boʻyicha tadqiqotlarni targʻib qilish, ommalashtirish maqsadida SSSR davrida „Sovet turkiyshunosligi“ (ruscha: Советская тюркология) jurnali (1970-yildan Bokuda) va „Turkologiya toʻplami“ (ruscha: Тюркологический сборник, 1970-yildan Moskvada) muntazam nashr etilib turgan, lekin 1990-yillar oʻrtalarida mazkur jurnalini „Turkologiya“ nomi bilan nashr etishga urinishlar boʻlsa-da, keyinchalik bu jarayon toʻxtab qoldi. Turkiyshunoslik muammolarini yorituvchi jurnali va byulletenlar Londonda („Asia Major“), Istanbulda („Turk Dili“), Anqarada („Turk Dili Arastirmalari yilligi“, „Tarih Arastirmalari Dergisi“), Parijda („Turcica“), Toshkentda („Sharq mashʼali“, „Sharqshunoslik“, „Oʻzbek tili va adabiyoti“) va boshqa joylarda nashr etilib kelmoqda. Qozogʻistonda Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-turk xalqaro universitetida „Turkologiya“ jurnali nashr etilmoqda (2003-yildan)[1].

Manbalar

tahrir
  1. „Turkiyshunoslik“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar

tahrir
  • Kononov AN., Tyurkskaya filologiya v SSSR, 1917-1967, M, 1968;
  • Baskakov N. A., Vvedeniye v izucheniye tyurkskix yazikov, 2 izd., M., 1969;
  • Kononov A. N., Istoriya izucheniya tyurkskix yazikov v Rossii, L., 1972;
  • Lunin B. V., Istoriografiya obhestvennoʻx nauk v Uzbekistane. Bibliograficheskiye ocherki, T.,1974;
  • Qoʻchqortoyev I., Isabekov B., Turkiy filologiyaga kirish, T., 1984.

Havolalar

tahrir