Horun ar-Rashid
Abu Jaʼfar Horun ibn Muhammad al-Mahdiy (arabcha: أَبُو جَعْفَر هَارُون ٱبْنِ مُحَمَّد ٱلْمَهْدِيّ) yoki oddiygina Horun ibn al-Mahdiy (arabcha: هَارُون ٱبْنِ ٱلْمَهْدِيّ; tax. 763 yoxud 766 - 809.24.3), Horun ar-Rashid (arabcha: هَارُون ٱلرَشِيد) nomi bilan mashhur — Abbosiylar sulolasining 5-xalifasi.14-sentabrda Abbosiylar taxtiga oʻtiradi. 786-yildan 809-yil, vafotiga qadar xalifalik qilgan. Anʼanaga koʻra uning hukmronlik davri islom oltin davrining boshlanishi hisoblanadi. „Ar-Rashid“ epiteti „ortodoks“, „adolatli“, „toʻgʻri“ yoki „toʻgʻri yoʻl-yoʻriqli“ degan maʼnoni anglatadi.
Horun ar-Rashid | |
---|---|
هَارُون ٱلرَشِيد | |
Hijriy 184-yilda (milodiy 800—801-yillar) Bagʻdodda zarb etilgan Horun ar-Rashidning oltin dinori | |
Bagʻdod xalifaligining 5-xalifasi | |
Mansab davri 786-yil 14-sentabr – 809-yil 24-martgacha | |
Oʻtmishdoshi | Al-Hodiy |
Vorisi | Muhammad Al-Amin |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi | 17-mart 763-yil |
Vafoti |
24-mart 809-yil (46 yoshda) Tus, Bagʻdod xalifaligi |
Turmush oʻrtogʻi |
|
Bolalari |
|
Onasi | Al-Xayzuran |
Otasi | Al-Mahdiy |
Dini | islom, sunniylik |
Dafn etilgan joyi | Imom Rizo ansambli, Mashhad, Eron |
Horun hozirgi Iroq poytaxti Bagʻdodda afsonaviy Bayt ul-Hikmat („Donishmandlar uyi“) kutubxonasini tashkil qilgan va hukmronligi davrida Bagʻdod jahon ilm, madaniyat va savdo markazi sifatida ravnaq topgan[1]. Hukmronligi davrida Abbosiylar xalifaligini barpo etishda hal qiluvchi rol oʻynagan Barmakiylar xonadoni asta-sekin tanazzulga yuz tutdi. 796-yilda oʻz saroyi va hukumatini hozirgi Suriyadagi Raqqaga koʻchirdi. Mamlakatda Horun otasi Al-Mahdiynikiga oʻxshash siyosat olib bordi. Horun akasi Al Hodiy qamoqqa tashlagan koʻplab Umaviylar va Aliylarni ozod qildi. Qurayshning barcha siyosiy guruhlari uchun amnistiya eʼlon qildi[2]. Vizantiya bilan keng koʻlamli harbiy harakatlar boshlandi. Uning hukmronligi davrida Abbosiylar imperiyasi oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi[3].
Franklar missiyasi 799-yilda Horunning huzuriga doʻstlik taklifi bilan keldi. Horun Buyuk Karl saroyiga qaytib kelgan emissarlar orqali turli xil sovgʻalar yubordi. Jumladan, Karl va uning mulozimlari sehrgar soat deb atagan va har soatda turli xil ovozlar chiqaradigan soat ham bor edi[4][5][6]. Xayoliy „Ming bir kecha“ning bir qismi Horun saroyida yozilgan boʻlib, undagi baʼzi hikoyalar Horunning oʻzi bilan bogʻliq[7]. Horunning hayoti va saroyi boshqa koʻplab ertaklar uchun ham haqiqat, ham uydirma mavzu boʻlgan.
Yoshlik yillari
tahrirHorun hozirgi Eronning Tehron viloyatida, Abbosiylar xalifaligi davridagi Jibal tarkibida boʻlgan Rey shahrida tugʻilgan. Uchinchi abbosiy xalifa al-Mahdiy (hukmronligi 775-786 yillar) va uning rafiqasi, eri va oʻgʻillari hukmronligi davrida davlat ishlarida kuchli va mustaqil ayol boʻlgan al-Xayzuronning (yamanlik sobiq choʻri) oʻgʻli edi. Voyaga yetgach, Horun tarix, geografiya, notiqlik, musiqa, she’riyat va iqtisod fanlarini oʻrgangan. Ammo koʻp vaqtini hadis va Qurʼonni oʻzlashtirishga bagʻishlagan. Qolaversa, boʻlajak mujohid sifatida ilgʻor jismoniy mashqlarni bajarib, qilichbozlik, kamon otish bilan shugʻullangan va jang san’atini oʻrgangan[8]. Tugʻilgan sanasi masalasi bahsli. Turli manbalarda tugʻilgan sanasi sifatida 763-yildan 766-yilga qadar koʻrsatib oʻtilgan[9].
Horun xalifa boʻlishdan oldin, 780 va 782-yilda xalifalikning anʼanaviy dushmani, imperatritsa Irene boshqarayotgan Sharqiy Rim imperiyasiga qarshi yurishlarni boshqargan edi. Oxirgi yurish juda katta tashabbus boʻlib, hatto Konstantinopolning Osiyo qismi chegaralariga ham yetib borgan edi. Musulmon yilnomachisi At-Tabariyning yozishicha, Horun yurishida vizantiyaliklar oʻn minglab askarlarini yoʻqotgan, Horun esa qoʻlga kiritilgan boyliklarni olib ketish uchun 20 000 xachirdan foydalangan. Horun yurishdan Abbosiylar saltanatiga qaytib kelgach, qilichning narxi bir dirhamga, otning narxi bir oltin Vizantiya dinoriga tushgan[10].
Horunning Vizantiyaga bosqini siyosiy qiyofasini yuksaltirib, yurishdan qaytib kelgach, „Toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi“ degan maʼnoni anglatuvchi „ar-Rashid“ taxallusi berildi. Horun valiahdlikka koʻtarilgach, imperiyaning Suriyadan to Ozarbayjongacha boʻlgan gʻarbiy hududlarini boshqarish masʼuliyati yuklangan[11].
Xalifalik davri
tahrirAl-Hodiy vafot etgan kechada al-Xayzuron barmakiy Yahyoni zindondan tezda ozod qilib, unga qoʻshinning maoshini toʻlashni, ar-Rashidga bay’at qilish boʻyicha hokimlarga maktublar yuborishni va uni xalifalikka tayyorlashni buyuradi. Ular qoʻshin boshliqlari Harsama ibn Ayon va Xuzayma ibn Xozimni chaqirib, xalifa Horunga sodiqlik qasamyodi qabul qilishlarini soʻradilar. Maʼlumotlarga koʻra, Xuzayma oʻzining 5000 nafar tarafdorlarini yigʻib, qurollantirib, Jaʼfar ibn al-Hodiyni yotogʻidan sudrab olib chiqib, Horun foydasiga oʻz daʼvolaridan ochiqchasiga voz kechishga majbur qilgan. Horun 786-yili yigirma yoshida xalifa boʻldi. Oʻsha paytda Horun baland boʻyli, chiroyli va nozik koʻrinishga ega, ammo kuchli, qalin sochli va terisi zaytun rangli edi[12]. Xalifalikka kirishgan kuni oʻgʻli al-Maʼmun, biroz vaqt oʻtib al-Amin tugʻildi. Ikkinchi farzandi al-Mansurning (Bagʻdod shahri asoschisi) nevarasi Zubaydaning oʻgʻli edi. Ayni shu sabab tufayli ham Amin onasi fors boʻlgan Maʼmundan ustun edi. Xalifalikni qabul qilishi bilan Horun Bagʻdoddagi Ulugʻ masjidda juma namozini oʻqidi. Soʻngra amir al-Moʻminning xalifalikka kirishganidan xursand boʻlganliklarini eʼlon qilib, bayʼat uchun saf tortgan amaldorlar va oddiy xalq oldida chiqish qildi[13]. Horun oʻz hukmronligini qobiliyatli vazirlarni tayinlashdan boshlagan. Ular hukumat ishini shu qadar yaxshi olib bordilarki, natijada xalqning ahvoli sezilarli darajada yaxshilangan[14].
Horun ar-Rashid davrida Bagʻdod gullab-yashnab, oʻz davrining eng goʻzal shahriga aylandi. Xalifaning arxitektura, sanʼat va dabdabali hukumat qurilishlarini moliyalashtirishi koʻplab hukmdorlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.
796-yilda Horun butun saroyni Furotning oʻrta oqimida joylashgan Raqqaga koʻchirib, u yerda 12 yil hukmronlik qildi. Hanafiy faqihi Muhammad ash-Shayboniyni qozi (sudya) lavozimiga tayinladi, lekin 803-yilda uni lavozimidan ozod qildi. Xalifa Bagʻdodga faqat bir martagina tashrif buyurdi. Raqqaga koʻchib oʻtish qaroriga bir qancha omillar taʼsir qilgan boʻlishi mumkin. Jumladan, hududning Vizantiya chegarasiga yaqinligi, Furot orqali Bagʻdodga va Balix daryosi orqali shimolga va Palmira orqali Damashqqacha boʻlgan qulay aloqa liniyalari, unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari, hududning Suriya va oʻrta Furotda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday qoʻzgʻolon holatida strategik ustunligi kabi omillar. Abu al-Faraj al-Isfahoniy oʻz she’rlar antologiyasida saroydagi ajoyib hayotni tasvirlagan. Raqqada barmakiylar imperiya hayotini boshqargan va ikkala merosxoʻr al-Amin va al-Maʼmun oʻsha yerda ulgʻaygan. Bir muddat xalifa saroyi Xuroson poytaxti Ar-Rayga koʻchib oʻtdi. U yerda mashhur filolog va kufon maktabining rahbari Al-Kisoiy oʻz izdoshlari bilan xalifaga hamroh boʻldi. Rayda Al-Kisoiy kasal boʻlib qolganida, Horun uni har kuni ziyorat qilgani aytiladi. Aftidan, ash-Shayboniy va al-Kisoiy 804-yilda bir kunda vafot etgan.
Butun imperiyani boshqarish uchun Horun oʻz ustozi va uzoq yillik hamkori Yahyo ibn Xolid ibn Barmakka tayangan. Rashid ustozini butun ijro etuvchi hokimiyatni nazorat qilgan vazir lavozimiga tayinladi. Shu voqeadan soʻng oʻn yetti yil davomida Yahyo va uning oʻgʻillari ishonib topshirilgan har qanday vazifani sidqidildan bajardilar[15].
Horun Makkaga tuyada (Bagʻdoddan 2,820 km (1,750 mi) uzoqlikda) bir necha marta, 793, 795, 797, 802 va oxirgi marta 803-yilda ziyorat uchun borgan. Tabariy Horun saltanati haqidagi maʼlumotlarini shunday soʻzlar bilan yakunlagan: „Horun ar-Rashid vafot etganida davlat xazinasida toʻqqiz yuz million toq (dirham) boʻlgan, deyishadi“[16].
Shia e’tiqodiga koʻra, Horun 7-imom Muso ibn Ja’farni Bagʻdodda qamoqqa tashlab, zaharlagan[manba kerak].
Ar-Rashid davrida har bir shaharning oʻz huquq-tartibot idoralari bor edi. Ular tartibni saqlashdan tashqari, jamoat bozorlarini, masalan, tegishli tarozi va choralar qoʻllanishini taʻminlash uchun tekshirishlari, qarzlarni toʻlashni majburlash, qimor oʻyinlari, sudxoʻrlik va spirtli ichimliklarni sotish kabi noqonuniy harakatlarga chek qoʻyish bilan shugʻullanishgan[17].
Horun sanʼat va ilmning buyuk homiysi boʻlib, oʻz saroyi va turmush tarzining beqiyos ulugʻvorligi bilan ham mashhur edi. „Ming bir kecha“dagi ba’zi hikoyalar, ehtimol, dastlabki hikoyalar dabdabali Bagʻdod saroyidan ilhomlanib yaratilgan. Podshoh Shahriyor (uning rafiqasi Shahrizada ertaklarni aytib bergan) obrazi Horunning prototipi boʻlishi mumkin[18].
Maslahatchilar
tahrirXorun imperiyani boshqarishda 789-yilda vafotiga qadar qudratli onasining irodasi taʼsirida boʻlgan. Xalifa boʻlgach, Horun Xayzuronning maslahatlariga amal qila boshladi. Baʼzida ayolining bildirgan istaklarini inobatga olib, oʻz nafsini tiydi. Xayzuron esa ishlar nazoratchisi boʻlib ishladi. Yahyo esa Xayzuronga boʻysunib, uning maslahatiga amal qildi. Vazir (bosh vazir) Yahyo barmakiy, Yahyoning oʻgʻillari (ayniqsa, Jaʼfar ibn Yahyo) va boshqa barmakiylar toʻliq boshqaruvni amalga oshirgan. Abbosiylar xalifalik saroyida forslarning mavqei ar-Rashid hukmronligi davrida eng yuqori choʻqqiga chiqdi[19].
Barmakiylar Nava Viharaga mansub buddist ruhoniysi Barmakka borib taqaladigan Eron oilasi (Balxdan) boʻlib, Balx islom tomonidan zabt etilgandan soʻng oila islom dinini qabul qilib, al-Mahdiy hukmronligi davrida juda qudratli boʻlgan. Yahyo Xorunga xalifalikni qoʻlga kiritishda yordam bergan. Yahyo va uning oʻgʻillari 798-yilda xalifa ularni zindonga tashlab, yerlarini musodara qilguniga qadar xalifalikdagi yirik shaxslar edi. Muhammad ibn Jarir at-Tabariy bu voqeani 803-yilda sodir boʻlgan deb, uning turli sabablarini sanab oʻtgan. Jumladan, Yahyo xalifaning huzuriga ruxsatsiz kirishi; Yahyoning keyinchalik Horunning iltifotiga sazovor boʻlgan Muhammad ibn al-Laysga qarshi chiqishi, Jaʼfarning Horun qamoqqa tashlagan Yahyo ibn Abdulloh ibn Hasanni ozod qilishi kabilar[manba kerak].
Barmakiylarning qulashi ehtimoli koʻproq Horunga nisbatan hurmatsizlik deb hisoblangan harakatlarni sodir etishi (masalan, xalifa saroyiga eʼlon qilinmasdan kirishi) va davlat masalalarida xalifa bilan maslahatlashmasdan qaror qabul qilgani boʻlishi mumkin[manba kerak]. Al-Fadl ibn ar-Rabiy Barmakiy Yahyo oʻrniga Horunning bosh vaziri etib tayinlangan[manba kerak].
Diplomatiya
tahrirEyngard ham, Notker Stammerer ham Franklar qiroli Buyuk Karl va Horun hukumatlari oʻrtasida elchilar almashinuvi, xristianlarning muqaddas joylarga kirishi va sovgʻalar almashinuvi boʻyicha doʻstona munosabatlarga kirishganini eʼtirof etishgan. Notker Buyuk Karl Horunga ispan otlari, rangli friz plashlari va mohir ov itlari yuborganini eslatib oʻtgan. 802-yilda Horun Buyuk Karlga shoyi, jez qandil, parfyumeriya, balzam, fil suyagidan shaxmat donalari, rang-barang pardalari boʻlgan ulkan chodir, Abul-Abbos ismli fil va piyola ichiga bronza sharlarni tashlab, shar ortidagi kichik eshiklardan har bir soat uchun bittadan mexanik ritsarlar chiqadigan mexanik suv soatidan iborat sovgʻa yuborgan. Sovgʻalar Gʻarbiy Yevropada misli koʻrilmagan boʻlib, Karolinglar sanʼatiga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin[20]. Bu elchilar almashinuvi Horunning Buyuk Karl kabi Kordovadagi Umaviy amirlarini boʻysundirishdan manfaatdor boʻlgani bilan bogʻliq edi. Shuningdek, Vizantiyaga qarshi umumiy adovat Horunni Buyuk Karl bilan yaqinlashtirgan[manba kerak].
802-yilda Vizantiya imperatori Irene taxtdan agʻdarilib, Nikephoros I imperator boʻldi va Irene butun hukmronligi davomida oʻlpon toʻlashi kerak edi, deb Horunga soliq toʻlashdan bosh tortdi. Bu xabar Horunni gʻazablantirdi va Vizantiya imperatori maktubining orqa tomoniga shunday xat yozdi: „Mehribon Alloh nomi bilan! Moʻminlar qoʻmondoni Amirul moʻminin Horun ar-Rashiddan Nikiforosga. Rimliklarning iti. Sen eshitmaysan, mening javobimni koʻrasan“. Kichik Osiyoga yurishlardan soʻng Nikiforos haqoratli shartlar bilan shartnoma tuzishga majbur boʻlgan[21][22]. Doktor Ahmad Muxtor al-Obodiyning soʻzlariga koʻra, Nikiforosga qarshi oʻta shiddatli ikkinchi qasos yurishi tufayli Vizantiya Abbosiylarga qarshi har qanday toʻqnashuvga urinishlarni Al-Maʼmun hukmronligigacha amalda toʻxtatdi[23][24].
Ar-Rashid Xitoyga elchilar yuborib, Xitoyning Tan sulolasi bilan ittifoq tuzgan[25][26]. Xalifa Xitoyning Tan yilnomalarida „A-lun“ deb nomlangan[27]. Tuzilgan ittifoq tibetliklarga qarshi qaratilgan edi[28][29][30][31][32].
Diplomatlar va elchilar Horunni saroyida ziyorat qilganlarida, uni parda ortidan koʻrishgan. Hech bir mehmon yoki arizachi xalifaga birinchi boʻlib gapira olmagan, uning gapini toʻxtata olmagan yoki unga peshvoz chiqa olmagan. Ular xalifaga diqqatlarini boʻlmasdan eʼtibor berishlari va javoblarini juda ehtiyotkorlik bilan tanlashlari kerak edi[33].
Qoʻzgʻolonlar
tahrirMing bir kecha ertaklari tufayli Horun ar-Rashid oʻzining haqiqiy tarixiy qiyofasini yashirib, afsonaviy shaxsga aylangan. Darhaqiqat, uning hukmronligi Abbosiy xalifaligining siyosiy parchalanishini ham boshlab berdi. Suriyada umaviylarga xayrixoh qabilalar yashab, abbosiylarning ashaddiy dushmani boʻlib qolgan. Misrda esa notoʻgʻri boshqaruv va oʻzboshimchalik bilan soliqqa tortish siyosati Abbosiylarga qarshi qoʻzgʻolonlarga sabab boʻlgan. 755-yilda Ispaniyada Umaviylar, 788-yilda Marokashda Idrisiylar, 800-yilda Ifriqiyada (hozirgi Tunis) Aglobiylar davlati tashkil topgan. Bundan tashqari, Yamanda tartibsizliklar avj oldi, Daylam, Kirmon, Fors va Seistonda xorijiylar qoʻzgʻolon koʻtardilar. Xurosonda ham qoʻzgʻolon koʻtarildi. Ar-Rashid vizantiyaliklarga qarshi koʻplab yurishlar uyushtirdi[manba kerak].
Ar-Rashid Ali ibn Iso ibn Mahonni Xuroson hokimi etib tayinladi. U mintaqaning shahzoda va boshliqlarini oyoqqa turgʻizib, markaziy hukumatning toʻliq vakolatlarini ularga qaytarishga harakat qildi. Bu yangi siyosat qattiq qarshilikka uchrab, mintaqada koʻplab qoʻzgʻolonlarni keltirib chiqardi[manba kerak].
Oilasi
tahrirHorunning birinchi xotini Zubayda edi. U Horunning amakisi Jaʼfarning qizi va Xayzuronning singlisi Salsalning xolasi edi[34]. Ular 781-yilda(yoki 782) Muhammad bin Sulaymonning Bagʻdoddagi qarorgohida turmush qurishgan. Keyinchalik xalifa boʻlgan Muhammad Al-Amin uning oʻgʻli edi[35]. 831-yilda vafot etgan[36]. Xotinlaridan yana biri Xayzuronning akasi Gʻitrifning qizi Aziza edi[37]. Aziza ilgari uni taloq qilgan Sulaymon ibn Abu Jaʼfarga turmushga chiqqan edi[36]. Yana biri ilgari Horunning akasi al-Hodiyning kanizagi boʻlgan Amat-al-Aziz Gʻadir edi[37]. Undan bir oʻgʻli, Ali bor edi[35]. Ushbu ayoli 789-yilda vafot etgan[37]. Yana bir xotini Solih al-Miskinning qizi Ummu Muhammad edi. 803-yil noyabr-dekabrda Raqqada turmush qurishgan. Ushbu ayoli ilgari Ibrohim ibn al-Mahdiyga turmushga chiqqan edi[36]. Yana bir xotini Iso ibn Alining qizi Ummu Abdulloh edi. Taxminan oʻsha yili uylangan yana bir xotini Sulaymon ibn Abu Jaʼfarning qizi Abbosa edi[36]. Yana bir xotini Jurashiya al-Usmonniya edi. U Abdulloh ibn Muhammadning qizi boʻlib, uchinchi Roshidun xalifa Usmon avlodidan edi[36].
Horunning dastlabki kanizagi Xaylana edi. U barmakiy Yahyo ibn Xolidning choʻrisi edi. Horun hali shahzoda ekanida Xaylana oʻzini keksa Yahyoning qoʻlidan olib ketishni iltimos qilgan edi. Keyin Horun Yahyoning oldiga kelgan va Yahyo qizni unga taqdim etgan. Kanizak uch yildan soʻng[38] 789–90-yillarda[39] vafot etgan va Horun unga chuqur qaygʻurgan[38]. Yana bir kanizak Dananir edi. U barmakiy boʻlib, avval Yahyo ibn Xolidning choʻrisi edi. U Madinada tahsil olib, cholgʻu va vokal musiqasini oʻrgangan[40]. Yana bir kanizak Marajil edi. U fors edi va Forsning uzoq Badhagʻisidan kelgan. Marajil Horunga sovgʻa qilingan oʻnta kanizakdan biri edi. U Horun taxtga oʻtirgan kechada, 786-yil sentyabrda Abdullohni (boʻlajak xalifa Al-Maʻmun) tugʻib, vafot etgan. Vafotidan keyin bolani Zubayda asrab oldi[35]. Yana bir kanizak Al-Qosimning onasi Qosif edi. Al-Qosim Horunning kanizakdan tugʻilgan ikkinchi oʻgʻli edi. Horunning toʻngʻich qizi Sukayna ham ushbu kanizakdan dunyoga kelgan[41].
Yana bir kanizak Marida edi. Otasining ismi Shabib[42]. U Kufada tugʻilgan soʻgʻd edi. U Zubayda Horunga sovgʻa qilgan oʻnta kanizakdan biri edi. Uning 5 ta farzandi boʻlgan. Bular Abu Isʼhoq (boʻlajak xalifa al-Muhtasim), Abu Ismoil, Ummu Habib va yana ikki nafarining ismlari noma’lum. Marida Horunning sevimli kanizagi edi[43]. Yana Dhat al-Xol, Sihr va Diya kabilar ham Horunning sevimli kanizaklari edi.Diyaning vafoti Horunni chuqur qaygʻuga solgan[44]. Dhat al-Xol, shuningdek, Xubth nomi bilan ham mashhur[45], qoʻshiqchi boʻlib, Ar-Rashidning singlisi Abbosaning ozod boʻlgan qul sotuvchisiga tegishli edi. U Ibrohim al-Mausiliyni rom qilgan. Qoʻshiqlari tez orada Horunning eʼtiborini tortib, uni 70 000 dinorga sotib olgan[46]. U Horundan Abu al-Abbos Muhammadning ismli oʻgʻil koʻrgan[45][46]. Sihrning Horundan Xadija[46] va Karib[47] ismli qizlari boʻlgan. Yana bir kanizagi Inan edi. Otasining ismi Abdulloh[48]. Inan markaziy Arabistondagi Yamama shahrida tugʻilib oʻsgan. U qoʻshiqchi va shoir hamda Abu Xolid an-Natifiyning choʻrisi boʻlgan[49]. Inan Horunning ikki oʻgʻlini dunyoga keltirgan, ammo ikkalasi ham yoshligida vafot etgan. Horun bilan birgalikda Xurosonga koʻchib borgan va koʻp oʻtmay vafot etgan[50]. Yana biri Musaffo nomi bilan tanilgan Gʻadid edi. U Horunning qizlari Hamduna[51] va Fotimaning[47] onasi boʻlgan. Gʻadid Horunning sevimli kanizaklaridan edi[51]. Hamduna va Fotima Al-Hadiyning oʻgʻillari Ismoil va Jaʼfarga turmushga chiqishdi[52].
Horunning kanizaklaridan yana biri 806-yilda shaharning qulashi bilan sotib olingan Herakleadagi yunon cherkovining asir qizi edi. Zubayda yana bir bor Horunga koʻnglini koʻtargan xizmatkorlaridan birini sovgʻa qilgan. Horunning oʻgay ukasi, 795—797-yillarda Misr hokimi boʻlganida, misrlik choʻrini yuborgan va choʻri tezda xalifaning sevimlisiga aylana olgan[53]. Yana boshqa kanizaklar quyidagilar: Solihning onasi Riʼm, Abu Iso Muhammadning onasi Irba, Abu Yoqub Muhammadning onasi Sahdhra, Abu Sulaymon Muhammadning onasi Ravah, Abu Ali Muhammadning onasi Davaj, Abu Ahmad Muhammadning onasi Kitman, Arvaning onasi Hulab, Ummu al-Hassanning onasi Iraba, Ummu Abihaning onasi Sukkar, Ummu Salamaning onasi Rahiq, Ummu al-Qosimning onasi Xzq, Ummu Jaʼfar Ramlaning onasi Haly, Ummu Alining onasi Aniq, Ummu al-Gʻaliyaning onasi Samandal, Raytaning onasi Zinah kabilar[54].
Latifalar
tahrirHorun ar-Rashid hukmronligidan keyingi asrlarda uning shaxsiga bogʻliq koʻplab latifalar paydo boʻlgan. Saʼdiy Sheroziy ulardan bir qanchasini oʻzining Gulistoniga kiritgan.
Al-Masʼudiy Muruj az-Zahab va Maodin al-javohir asarida xalifaning xarakterini yorituvchi bir qancha qiziqarli latifalarni hikoya qilgan. Misol uchun, Horun Raqqada oʻtkazgan poygada oti birinchi boʻlib Al-Maʼmunning ortidan kelganida Horunning xursand boʻlganini hikoya qiladi. Al-Masʼudiy Horun oʻz shoirlariga qiyin vazifa qoʻygani haqida hikoya qilgan. Boshqalar xalifani rozi qila olmaganlarida, Madinalik Miskin juda yaxshi natijaga erishadi. Shundan soʻng shoir mazkur qoʻshiqni oʻrganish unga qancha xarajat qilgani haqida ta’sirchan hikoyani boshlaydi. Xorun kulib, qoʻshiq yoki hikoya, qaysi biri qiziqarliroq, degan. Xalifa shoirni mukofotlagan[55].
Xorunning Isʼhoq ibn Ibrohimdan qoʻshiq aytishni davom ettirishini soʻrashi haqidagi ertak ham bor. Musiqachi xalifa uxlab qolguncha davom etgan. Shunda gʻalati bir yigit paydo boʻlib, sozandaning udini tortib oldi-da, juda ta’sirli asar kuyladi (al-Masʼudiy iqtibos keltirgan) va ketib qoladi. Uygʻongan va bundan xabar topgan Horun Isʼhoq ibn Ibrohimga gʻayritabiiy tashrif haqida aytadi.
Oʻlimidan sal oldin Horun Abu al-Atahiyaning bu dunyo qudrati va lazzatlarining oʻtkinchiligi haqidagi ba’zi satrlarini oʻqigani, boshqa xalifalar bilan bogʻliq latifani ham oʻqigani aytilgan.
Har kuni ertalab Horun ming dirham sadaqa qilib, kuniga yuz sajda qilardi[16]. Horun osmondagi yomgʻirli bulutlarga qarab: „Yomgʻirni xohlagan joyingga yogʻdir, lekin men yer soligʻini olaman!“, degan[56].
Horun oxiratda oʻz joni uchun qoʻrqqan. Ma’lum boʻlishicha, Horun Xudoni oʻylab, hayotning qisqaligi haqidagi she’rlarni oʻqiganida tez yigʻlab yuborgan[57].
Xalifa boʻlganidan koʻp oʻtmay, Horun hikmat olish uchun taniqli olim Ibn as-Sammakni olib kelishni soʻradi. Horun as-Sammakdan nima maslahat berishini soʻradi. Al-Sammak shunday javob berdi: „Men har doim eslab qolishingizni istardim, bir kun kelib Xudoning oldida yolgʻiz boʻlasiz. Keyin yo jannatga yoki doʻzaxga topshirilasiz“. Bu Horunga juda qattiq taʼsir qilib, xalifa bezovta boʻlgani aniq edi. Xalifaning xizmatkori moʻminlar shahzodasi yer yuzida adolatli hukmronlik qilganidan keyin albatta jannatga kirishini aytib, norozilik bildiradi. Biroq as-Sammak bu gapga e’tibor bermay, Horunning koʻzlariga tik qaradi va „oʻsha kuni sizni himoya qiladigan bu odam boʻlmaydi“, dedi[57].
Maʼon ibn Zaida ismli amaldor Horunning nazariga tushib qolgan edi. Horun uni hukumat idorasida koʻrganda „qarib qolding“, deydi. Keksa amaldor: „Ha, ey moʻminlar amiri, sizning xizmatingizda“, deb javob qaytaradi. Horun: „Lekin hali kuchingiz bor“, deb javob berdi. Chol javob berdi: „Menda bor narsa sizniki, xohlaganingizcha tasarruf eting ... va men dushmanlaringizga jasorat bilan qarshi chiqaman“. Horun mazkur uchrashuvdan mamnun boʻlib, umrining soʻnggi yillarida bu odamni Basraga hokim etib tayinladi[58].
Hajda Makka va Madina ahli hamda yoʻlda ketayotgan kambagʻal ziyoratchilarga katta miqdorda pul tarqatgan. Horun oʻzi bilan doim bir qancha zohidlarni olib ketar, hajga borish imkoni boʻlmagan hollarda oʻz hisobidan ulugʻ zotlar va uch yuz nafar ulamoni yuborar edi[59].
Kunlarning birida Horun bir muhtaram ziyoratiga ketayotgan edi. Muhtaramning bir goʻzal choʻrisi xalifani urib yubordi. Horun u zotdan qulni oʻziga berishini soʻradi. U shaxs bunga rozi boʻldi, ammo xizmatkorni yoʻqotishdan bezovta edi. Keyin Horun qilgan ishidan afsuslanib, uni qaytarib berdi[60].
Horun zoʻr chavandoz edi. Ov qilishni (lochinlar va qirgʻiylar bilan) va qilich bilan qoʻgʻirchoqlarni yiqitish kabi harbiy mashqlarni yaxshi koʻrardi. Horun shaxmat oʻynagan va oʻyinni targʻib qilgan birinchi abbosiy xalifasi hamdir[61].
Horun Iso ismli amaldorga tegishli boʻlgan choʻri qizni yoqtirib qoladi. Amaldor esa tahdidlarga qaramay, uni Horunga berishdan bosh tortdi. Iso agar choʻrini bersa yoki sotsa, xotini bilan ajrashishga, qullarini ozod qilishga va barcha mol-mulkini kambagʻallarga berishga qasam ichganini tushuntirdi. Horunning qozisi va maslahatchisi Yusuf ishga hakamlik qilish hamda Horun qiz bilan birga boʻlgan taqdirda ham Isoga oʻz narsalarini saqlab qolishning qonuniy yoʻlini topish uchun chaqirildi. Yusuf shunday qarorga keldiki, agar Iso qizning yarmini Horunga berib, qolgan yarmini sotsa, Iso vaʼdasiga vafo qilib, uni yo bergan yoki sotgan deb boʻlmasdi[62].
Horun kechalari Bagʻdod koʻchalarida yurishga moyil edi. Bu vaqtlarda Jaʼfar ibn Yahyo xalifaga hamrohlik qilgan. Tungi sayohatlar, ehtimol, oʻz xalqining farovonligi haqidagi chinakam xavotirdan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Chunki xalifa har qanday sinovdan xalos boʻlishga va xalqning ehtiyojlarini qondirishga harakat qilgan[58].
Vafoti
tahrirSamarqandda Rofe ibn Lays boshchiligidagi yirik qoʻzgʻolon boshlanib, Horun ar-Rashid Xurosonga koʻchib oʻtishga majbur boʻldi. Xalifa dastlab Ali ibn Iso ibn Mahonni lavozimidan boʻshatib, hibsga oldi. Qoʻzgʻolon nazoratsiz davom etdi. (Horun Alini ishdan boʻshatib, uning oʻrniga Harsama ibn Aʼyonni qoʻydi. 808-yilda isyonchi Rofe ibn Lays bilan kurashish uchun sharqqa yoʻl oldi, lekin 809-yil mart oyida Tusda vafot etdi)[63][64]. Horun ar-Rashid Tusdagi Sanobod qishlogʻiga yetgach, tez orada kasallanib, vafot etdi. Xurosondagi Abbosiylar noibi Humayd ibn Qahtabaning yozgi saroyi — Dorul Imoraga dafn etilgan. Ushbu tarixiy voqea tufayli Dorul Imora Horuniya maqbarasi nomi bilan mashhur boʻldi. Bu joy keyinchalik 818-yilda imom Ali ar-Rizo shahid boʻlgani sababli Mashhad („Shahidlik joyi“) deb ataldi. Horun ar-Rashidning birinchi merosxoʻri shahzoda al-Amin (Al-Amin birinchi merosxoʻr, Al-Maʼmun ikkinchi va Al-Qosim uchinchi merosxoʻr boʻldi) edi. 809-yilda Horun vafotidan keyin oʻrniga Al-Amin taxtga oʻtirdi.
Merosi
tahrirAr-Rashid islom va arab madaniyatining koʻzga koʻringan arbobiga aylandi. U tarixdagi eng mashhur arablardan biri sifatida taʼriflangan. Oʻzidan keyingi barcha Abbosiy xalifalari uning avlodlari edi.
Horunning taxtga kelishi haqida mashhur shoir va sozanda al-Mavsiliy shunday degan:
Horun taxtga chiqqanda quyosh yashiringan joyidan qanday chiqib, dunyoni nurga toʻldirganini koʻrmadingmi?[65]
Uning hukmronligi haqida mashhur arab tarixchisi Al-Masʼudiy shunday degan:
Saltanatining ulugʻvorligi va boyligi shunchalik buyuk ediki, gullab-yashnash shunchalik yirik boʻldiki, bu davr „Eng ajoyib davr“ deb nomlandi[66].
Keyingi Abbosiy xalifalar Ar-Rashidning avlodlari boʻlishdi. Ar-Rashid oʻzining birinchi merosxoʻri sifatida oʻgʻli Muhammad al-Aminni tanladi. Muhammadning oʻgay akasi Abdulloh, boʻlajak al-Maʼmun (h. 813–833) edi. Maʼmun 786-yil sentyabrda tugʻilgan (Amindan olti oylik katta). Biroq, Abdullohning onasi fors kanizak edi va Aminning sof abbosiy avlodi oʻgay akasidan ustunlikni berardi[67][68]. Darhaqiqat, Maʼmun Abbosiylar xalifasi boʻlgan yagona shunday naslli zotdir[68].
792-yilda Horun Muhammadga al-Amin („Ishonchli“) nomi bilan bayʼat oldi va uni oʻzining asosiy merosxoʻri sifatida belgiladi. Abdulloh esa 799-yilda al-Maʼmun („Ishonchli“) nomini olmaguncha ikkinchi merosxoʻr deb atalmagan[67][68]. Horunning uchinchi oʻgʻli Qosim uchinchi merosxoʻr etib tayinlangan, ammo hech qachon xalifa boʻlmagan. Al-Amin 809-yilda HOrunning vafotidan keyin xalifa boʻldi. Al-Amin 809-yildan 813-yilgacha akasi Abdulloh al-Maʼmun (Xuroson noibi) bilan oʻzaro urush boshlanmaguncha hukmronlik qildi. Urushning sababi xalifa al-Aminning al-Maʼmunni oʻz merosxoʻri etib tayinlashga uringani edi. Al-Maʼmun 813-yilda xalifa boʻlib, xalifalikni 833-yilgacha yigirma yil boshqardi. Uning oʻrniga Horunning kanizak Maridadan boʻlgan oʻgʻli Abu Isʼhoq Muhammad (Al-Muhtasim nomi bilan mashhur) xalifa boʻldi[69][70].
Ommaviy madaniyatda
tahrir-
Horun ar-Rashidning Ming bir kecha asaridagi tasviri.
-
Shoir va tasviriy rassom Jubron Xalil Jubron (1883–1931) tomonidan chizilgan Horun ar-Rashidning eskiz chizmasi
-
1899-yil Nyu-Yorkda ilk marta nashr etilgan Kitob hizanat al-ayyam fī tarajim al-ʻizam kitobidan Horun ar-Rashid tasviri.
-
Arab tiliga birinchi marta tarjima qilinib, hijriy 1381/1961-yilda Misrda nashr etilgan Sayr Mulhimah: Min ash-Sharq va-al-Gʻarb nomli kitobdagi Horun ar-Rashidning eskiz tasviri.
-
Horun ar-Rashid (1951) kitobidan Horun ar-Rashid tasviri.
- Shinobu Ohtakaning Magi: The Labyrinth of Magic asarida Balbaddning sobiq qiroli Rashid Saluja deb atalgan. „Sinbad sarguzashtlari“ning spin-offida Rashidning taxallusi Horun.
- Henry Longfellow „Haroun Al Raschid“ nomli qisqa sheʼr yozgan.
- O. Henry „The Caliph and the Cad“ qissasida xalifa personajidan foydalanagan. Hikoya mavzusi „Horun ar-Rashidga tomon borish“.
- Alfred Tennison yoshligida Recollections of the Arabian Nights nomli she’r yozgan. Har bir band (oxirgisidan tashqari) „yaxshi Horun Alrashid“ bilan tugaydi.
- Horun ar-Rashid „Ming bir kecha“ning eng qadimgi versiyalarining bir qancha hikoyalarida bosh obraz va qahramon boʻlgan.
- Hind teleseriali Alif Laila (1993–1997) Ming bir kechaning prototipi boʻlib, klassik hikoyalar toʻplamidan xalifaga oid bir qancha ertaklarni oʻz ichiga oladi[71].
- Horun ar-Rashid James Joycening Ulysses asarida bosh qahramonlardan biri Stephen Dedalusning tushiga kirgan holda tasvirlangan. Stephenning bu tushni eslash harakatlari butun roman davomida davom etib, romanning oʻn beshinchi epizodida yakunlanadi. Asar davomida baʼzi qahramonlar ham Horun qiyofasini oladi.
- Horun ar-Rashid 1923 yilda W. B. Yeatsning „The Gift of Harun al-Rashid“ sheʼrida nishonlanadi[72][73].
- Italo Calvinoning If on a winter's night a traveler (1979) asarining oxirida Horunning sargardonliklaridan birining hikoyasi sarlavhalar oʻyinining eng yuqori nuqtasini koʻrsatadi. Calvino hikoyasida Horun tunda shahar kezib yurganida xalifani oʻldirish uchun uyushtirilgan fitnaga uchrab qoladi.
- Charles Dickensning 1842-yilda chop etilgan American Notes for General Circulation nomli sayohatnomasida amerikalik qullik tarafdorlarini „gʻazablangan qizil libosidagi xalifa Horun ar-Rashid“ga qiyoslagan.
- Salmon Rushdiyning 1990-yilda chop etilgan Haroun and the Sea of Stories romanining ikki qahramoni Horun va uning otasi Rashid Xalifadir.
- Allan Cole va Chris Bunchning The Sten Chronicles ilmiy-fantastik romanlari qahramoni Abadiy imperator inkognito holatida „H. E. Raschid“ nomidan foydalanadi. Bu seriyaning yakuniy kitobida Burtonning Ming bir kecha kitobi tarjimasidagi qahramonga ishora berilgani tasdiqlangan.
- Rock Hudson va Piper Laurie rol oʻynagan The Golden Blade (1952) filmida afsonaviy Bagʻdod taxtini tortib olgan yovuz Jafardan ozod qilish uchun sehrli qilichdan foydalangan Horunning sarguzashtlari tasvirlangan. Nihoyat u malika Xayruzanning qoʻlini soʻragandan soʻng, malika unga Ar-Rashid (solih) unvonini beradi.
- The Sandman hajviy kitobida Ming bir kecha olamiga bogʻliq voqea (50-son, „Ramazon“) boʻlib, unda Horun ar-Rashid bosh qahramon rolida koʻrsatilgan. Hikoya The Sandman: Fables & Reflections toʻplamiga kiritilgan.
- Iznogoud nomli fransuz komiksidagi Haroun El Poussah Harun ar-Rashidning satirik versiyasidir.
- Quest for Glory II asarida qahramon oʻz oʻgʻli sifatida qabul qilgan sulton Horun ar-Rashid deb nomlanadi. Asarda Horun tez-tez Shapeir koʻchalarida Shoir Umar sifatida bashorat qilayotgan holda koʻrinadi.
- Horun ar-Rashid Civilization V video oʻyinida Bagʻdod rahbari sifatida koʻrsatilgan[74].
- AQShning boʻlajak prezidenti Theodore Roosevelt Nyu-York politsiya departamenti komissari boʻlganida mahalliy gazetalar u haqida „Harun-al-Ruzvelt“ deb yozishgan.
- Yozuvchi Mixail Bulgakovning Usta va Margarita asarida Horun ar-Rashid qiyofasi eshikchini „oʻz kostyumiga qarab“ hukm qilmaslik haqida ogohlantirib, „mashhur xalifa Horun ar-Rashid“ hikoyasiga ishora qilgan Korovyev obrazi orqali yoritiladi.
- 1924-yilda suratga olingan Waxworks (film)|Waxworks]] filmida shoirni mum muzeyi egasi uchta mum modeli uchun hikoyalar yozishga yollaydi. Ushbu mum modellari orasida Emil Jannings ijro etgan Horun ar-Rashid ham bor.
- 2006-yilda Robert Heinlein va Spider Robinsonning Variable Star romani 1-bobida Alfred Lord Tennisonning „Arab kechalari xotiralari“ asaridan „yaxshi Horun Alrashid“ haqidagi iqtibos muqaddima qilingan.
Izohlar
tahrir- ↑ yana 20 nafar kanizaklari haqida maʼlumotlar bor
- ↑ Birinchi merosxoʻr
- ↑ Ikkinchi merosxoʻr
- ↑ Al-Qosim uchinchi merosxoʻr edi. Biroq, akalari tomonidan uning mazkur huquqi cheklangan
- ↑ Al-Maʼmun hukmronligi davrida vorisligi uchun hech qanday rasmiy shart-sharoit yaratilmagan edi. Tabariyning maʼlumotlariga koʻra, al-Maʼmun oʻlim toʻshagida oʻz akasi Abu Ishoq Muhammadni vorisi etib koʻrsatish toʻgʻrisida maktub yozgan. 9-avgustda al-Moʻtasim biʼlloh shohlik rutbasi bilan xalifa sifatida eʼtirof etilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ Audun Holme, Geometry: Our Cultural Heritage p. 150.
- ↑ Ghareeb, Edmund A.; Dougherty, Beth. Historical Dictionary of Iraq, 18 March 2004. ISBN 9780810865686.
- ↑ Ghareeb, Edmund A.; Dougherty, Beth. Historical Dictionary of Iraq, 18 March 2004. ISBN 9780810865686.
- ↑ André Clot, Harun al-Rashid and the world of the thousand and one nights, p. 97.
- ↑ Royal Frankish Annals, DCCCVII.
- ↑ Charlemagne: Translated sources, p. 98.
- ↑ André Clot, Harun al-Rashid and the world of the thousand and one nights.
- ↑ Bobrick 2012, s. 38.
- ↑ Watt, William Montgomery (20 March 2022). "Hārūn al-Rashīd". Hārūn al-Rashīd. Encyclopedia Britannica. https://www.britannica.com/biography/Harun-al-Rashid.<!--->
- ↑ Bobrick 2012, s. 25.
- ↑ Bobrick 2012, s. 24.
- ↑ Bobrick 2012, s. 37.
- ↑ Bobrick 2012, s. 36.
- ↑ New Arabian nights' entertainments, Volume 3.
- ↑ Masʻūdī, Paul Lunde, Caroline Stone, The meadows of gold: the Abbasids p. 62.
- ↑ 16,0 16,1 Bobrick 2012, s. 42.
- ↑ Bobrick 2012, s. 46.
- ↑ „Harun al-Rashid, the Abbasid Caliph Who Inspired the 'Arabian Nights'“ (en). ThoughtCo. Qaraldi: 2022-yil 28-iyun.
- ↑ Hovannisian, Richard G.; Sabagh, Georges. The Persian Presence in the Islamic World. Cambridge University Press, 1998. ISBN 9780521591850.
- ↑ Lodovico Antonio Muratori, Giuseppe Catalani (1742), Annali d'Italia: Dall'anno 601 dell'era volare fino all'anno 840, Monaco, p. 465. Muratori describes only some of these gifts.
- ↑ Tarikh ath-Thabari 4/668–669.
- ↑ Ibn Kathir, Al-Bidaya wa'l-Nihaya v 13 p. 650.
- ↑ Mukhtar al-Abadi, Ahmad. In Abbasid and Andalusian History. Ain University Library, 2019. Qaraldi: 2021-yil 28-sentyabr.
- ↑ C.E, Bosworth. The History of al-Tabari Vol. 30: The 'Abbasid Caliphate in Equilibrium: The Caliphates of Musa al-Hadi and Harun al-Rashid A.D. 785–809/A.H. 169–193. SUNY Series in Near Eastern Studies. Albany, New York: State University of New York Press, 1989 — 365-bet. ISBN 978-0-88706-564-4. Qaraldi: 2021-yil 28-sentyabr.
- ↑ Dennis Bloodworth, Ching Ping Bloodworth. The Chinese Machiavelli: 3000 years of Chinese statecraft. Transaction Publishers, 2004 — 214-bet. ISBN 0-7658-0568-5. Qaraldi: 2010-yil 28-iyun.
- ↑ Herbert Allen Giles. Confucianism and its rivals. Forgotten Books, 1926 — 139-bet. ISBN 1-60680-248-8. Qaraldi: 2011-yil 14-dekabr.
- ↑ Marshall Broomhall. Islam in China: a neglected problem. London: Morgan & Scott, ltd., 1910 — 25, 26-bet. Qaraldi: 2011-yil 14-dekabr.
- ↑ Bajpai 2002, p. 15.
- ↑ Bajpai 1981, p. 55.
- ↑ Chaliand, Gérard. Nomadic Empires: From Mongolia to the Danube. Transaction Publishers, 1970. Qaraldi: 2018-yil 1-sentyabr.
- ↑ Luciano Petech, A Study of the Chronicles of Ladakh (Calcutta, 1939), pp. 73–73.
- ↑ Luciano Petech, A Study of the Chronicles of Ladakh (Calcutta, 1939), pp. 55–85.
- ↑ Bobrick 2012, s. 40.
- ↑ Abbott 1946, ss. 29–30.
- ↑ 35,0 35,1 35,2 Abbott 1946, s. 141.
- ↑ 36,0 36,1 36,2 36,3 36,4 al-Tabari & Bosworth 1989, s. 326.
- ↑ 37,0 37,1 37,2 Abbott 1946, s. 137.
- ↑ 38,0 38,1 Abbott 1946, s. 138.
- ↑ al-Sāʿī, Toorawa & Bray 2017, s. 14.
- ↑ Abbott 1946, ss. 138–39.
- ↑ al-Tabari & Bosworth 1989, s. 327.
- ↑ Meadows Of Gold. Taylor & Francis, 2013 — 462-bet. ISBN 978-1-136-14522-3.
- ↑ Abbott 1946, ss. 141–42.
- ↑ Abbott 1946, s. 143.
- ↑ 45,0 45,1 al-Tabari & Bosworth 1989, s. 327.
- ↑ 46,0 46,1 46,2 Abbott 1946, s. 144.
- ↑ 47,0 47,1 al-Tabari & Bosworth 1989, s. 328.
- ↑ al-Sāʿī, Toorawa & Bray 2017, s. 8.
- ↑ Abbott 1946, s. 146.
- ↑ Caswell, Fuad Matthew. The Slave Girls of Baghdad: The Qiyan in the Early Abbasid Era. Bloomsbury Publishing, 2011 — 73–81-bet. ISBN 978-1-78672-959-0.
- ↑ 51,0 51,1 al-Sāʿī, Toorawa & Bray 2017, s. 13.
- ↑ Abbott 1946, ss. 157.
- ↑ Abbott 1946, ss. 149–50.
- ↑ al-Tabari & Bosworth 1989, ss. 327–28.
- ↑ Al-Masudi, The Meadows of Gold, p. 94.
- ↑ Bobrick 2012, s. 45.
- ↑ 57,0 57,1 Bobrick 2012, s. 62.
- ↑ 58,0 58,1 Bobrick 2012, s. 61.
- ↑ Bobrick 2012, s. 42
- ↑ Bobrick 2012, s. 55.
- ↑ Bobrick 2012, s. 70.
- ↑ Bobrick 2012, s. 57.
- ↑ Bosworth 1995, ss. 385–386.
- ↑ „Hārūn al-Rashīd | ʿAbbāsid caliph | Britannica“ (en). www.britannica.com. Qaraldi: 2021-yil 11-dekabr.
- ↑ "Harun al-Rashid: and the World of the Thousand and One Nights". Youth and Splendour of the Well-Guided One, part 2. André Clot. 2014. ISBN 9780863565588. https://books.google.com/books?id=EkghBQAAQBAJ&q=harun+al+rashid.
- ↑ "Harun al-Rashid: and the World of the Thousand and One Nights". The Horsemen of Allah, part 1. André Clot. 2014. ISBN 9780863565588. https://books.google.com/books?id=EkghBQAAQBAJ&q=harun+al+rashid.
- ↑ 67,0 67,1 Gabrieli 1960, s. 437.
- ↑ 68,0 68,1 68,2 Rekaya 1991, s. 331.
- ↑ Bosworth 1993, s. 776.
- ↑ Masudi 2010, s. 222.
- ↑ „Alif Laila DVD [20 Disc Set“]. Induna.com.
- ↑ „Yeats Poems Titles“. Csun.edu. Qaraldi: 2018-yil 1-sentyabr.
- ↑ „Archived copy“. 2016-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 16-mart.
- ↑ Zacny, Rob „Civilization V Field Report 2“. GamePro (2010-yil 24-dekabr). 2011-yil 6-yanvarda asl nusxadan arxivlangan.
Adabiyotlar
tahrir- Bartold V.V., Karl Velikiy i Xarun arRashid, Sochineniya, t.6, M., 1966; Men A., Musulmanskiy Renessans, M., 1972.
- Abbott, Nabia. Two Queens of Baghdad: Mother and Wife of Hārūn Al Rashīd. University of Chicago Press, 1946. ISBN 978-0-86356-031-6.
- al-Sāʿī, Ibn; Toorawa, Shawkat M.; Bray, Julia. كتاب جهات الأئمة الخلفاء من الحرائر والإماء المسمى نساء الخلفاء: Women and the Court of Baghdad, Library of Arabic Literature. NYU Press, 2017. ISBN 978-1-4798-6679-3.
- al-Tabari, Muhammad Ibn Yarir; Bosworth, Clifford Edmund. The History of al-Tabari Vol. 30: The 'Abbasid Caliphate in Equilibrium: The Caliphates of Musa al-Hadi and Harun al-Rashid A.D. 785-809/A.H. 169-193, Bibliotheca Persica. State University of New York Press, 1989. ISBN 978-0-88706-564-4.
- Bobrick, Benson. The Caliph's Splendor: Islam and the West in the Golden Age of Baghdad. Simon & Schuster, 2012. ISBN 978-1416567622.
- Bosworth, C. E. (1995). "Rāfiʿ b. al- Layt̲h̲ b. Naṣr b. Sayyār". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VIII: Ned–Sam (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 385–386 b. ISBN 978-90-04-09834-3. https://dx.doi.org/10.1163/1573-3912_islam_SIM_6184.
- Bosworth, C. E. (1993). "al-Muʿtaṣim Bi’llāh". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VII: Mif–Naz (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. p. 776. ISBN 978-90-04-09419-2. http://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/al-mutasim-bi-llah-SIM_5656.
- Gabrieli, F. (1960). "al-Amīn". in Gibb, H. A. R.. Encyclopaedia of Islam. Volume I: A–B (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 437–438 b. OCLC 495469456. https://doi.org/10.1163/1573-3912_islam_SIM_0599.
- Masudi. [[[:Andoza:Google Books]] The Meadows of Gold: The Abbasids]. London and New York: Routledge, 2010. ISBN 978-0-7103-0246-5.
- Rekaya, M. (1991). "al-Maʾmūn". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VI: Mahk–Mid (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 331–339 b. ISBN 978-90-04-08112-3. https://doi.org/10.1163/1573-3912_islam_SIM_4889.
Qoʻshimcha oʻqish uchun
tahrir- al-Masudiy, The Meadows of Gold, The Abbasids, transl. Paul Lunde and Caroline Stone, Kegan paul, London and New York, 1989
- Tabariy "The History of al-Tabari" volume XXX "The 'Abbasid Caliphate in Equilibrium" transl. C.E. Bosworth, SUNY, Albany, 1989.
- Clot, André. Harun Al-Rashid and the Age of a Thousand and One Nights. New Amsterdam Books, 1990. ISBN 0-941533-65-4.
- St John Philby. Harun al Rashid (London: P. Davies) 1933.
- Einhard and Notker the Stammerer, "Two Lives of Charlemagne," transl. Lewis Thorpe, Penguin, Harmondsworth, 1977 (1969)
- John H. Haaren, Famous Men of the Middle Ages [1]
- William Muir, K.C.S.I., The Caliphate, its rise, decline, and fall [2]
- Theophanes, "The Chronicle of Theophanes," transl. Harry Turtledove, University of Pennsylvania Press, Philadelphia, 1982
- Norwich, John J.. Byzantium: The Apogee. Alfred A. Knopf, Inc., 1991. ISBN 0-394-53779-3.
- Zabeth, Hyder Reza. Landmarks of Mashhad. Alhoda UK, 1999. ISBN 964-444-221-0.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Havolalar
tahrirVikiomborda Horun ar-Rashid haqida turkum mavjud |
Vikiiqtibosda Horun ar-Rashidga tegishli iqtiboslar mavjud. |
- Brentjes, Sonja (2007). "Hārūn al‐Rashīd". in Thomas Hockey. The Biographical Encyclopedia of Astronomers. New York: Springer. 474–5 b. ISBN 978-0-387-31022-0. http://islamsci.mcgill.ca/RASI/BEA/Harun_al-Rashid_BEA.htm. (PDF version)